
Venesuela rahbari AQSHni yarashuvga chaqirdi
Nikolas Maduro qo‘lga olinganidan so‘ng Venesuelaning muvaqqat rahbari Delsi Rodriges AQSHni yarashuv va hamkorlikka chaqirib, avvalgi keskin bayonotlardan cheklandi.

Venesuela vaqtincha rahbari Delsi Rodriges AQSH maxsus kuchlari tomonidan prezident Nikolas Maduro qo‘lga olinganiga qaramasdan, Vashingtonni yarashuv va hamkorlikka chaqirdi. Ushbu bayonot Rodriges tomonidan yakshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videomurojaatda bildirildi.
Rodrigesning so‘zlariga ko‘ra, Venesuela AQSH bilan xalqaro huquq doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyor.
«Biz AQSH hukumatini umumiy taraqqiyotga qaratilgan hamkorlik dasturi ustida birgalikda ishlashga taklif qilamiz», — dedi u.
Bayonot ohangi avvalroq AQSHga qarshi keskin chiqishlar bilan taqqoslaganda ancha yumshoq ekani qayd etildi.
Shanba kuni Karakas va uning atrofida AQSH zarbalari berilganidan keyin amerikaliklarning maxsus bo‘linmasi tomonidan Maduroni qo‘lga olish amaliyoti o‘tkazilgan edi. Oradan bir necha soat o‘tib, Rodriges bu harakatlarni qoralab, Maduroni ozod etishni talab qilib chiqqandi.
O‘sha kuni Venesuela Oliy sudi Konstitutsiyaga asosan Delsi Rodrigesga prezident vakolatlarini vaqtincha topshirish haqida qaror chiqardi. AQSH prezidenti Donald Tramp esa mamlakatni o‘tish davrida boshqarishda Rodriges AQSH ma’muriyati bilan hamkorlik qilishi mumkinligini bildirgan.
Donald Tramp yakshanba kuni «The Atlantic» jurnaliga bergan intervyusida Venesuelaga tiklanish kerakligini aytdi va Rodrigesni ogohlantirdi: agar u «to‘g‘ri yo‘l tutmasa», oqibatlari Maduroning taqdiriga qaraganda ham og‘ir bo‘lishi mumkin.
AQSH davlat kotibi Marko Rubio esa Vashington Rodrigesning so‘zlariga emas, amaliy harakatlariga qarab xulosa chiqarishini ta’kidladi. U Venesuela Eron, Rossiya va boshqa davlatlar uchun «operatsion markaz»ga aylanmasligi kerakligini qayd etib, mamlakatning yirik neft zaxiralari AQSH raqiblari nazoratida qolishini mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligini bildirdi.





