
Vertolyotlarni qaytaring, sanksiyalarni bekor qiling — Afg‘oniston TIV
12.09.2025 | 21:0037784
Amir Xon Muttaqiy O‘zbekiston va Tojikistonni 2021 yil avgust oyida mamlakatdan olib qochilgan harbiy vertolyotlarni qaytarishga chaqirdi.

Afg‘onistonning amaldagi hukumati — «Tolibon» tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy Kobulda diplomatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston hamda Tojikistonni 2021 yil avgust oyida mamlakatdan olib qochilgan harbiy vertolyotlarni qaytarishga chaqirdi. Bu haqda «Tolonews» xabar berdi.
«Biz to‘rt yil avval siyosiy voqealar natijasida vertolyotlarimizning bir qismini olib qo‘ygan va qo‘shni davlatlarga topshirgan davlatlardan ushbu vertolyotlarni afg‘on xalqiga qaytarishni so‘raymiz, ular gumanitar maqsadlarda ishlatiladi», - dedi Muttaqiy Kobulda diplomatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda.
Avvalroq, The Kabul Times nashri Afg‘oniston muvaqqat hukumatining rasmiy vakili Zabihulloh Mujohidga tayanib, O‘zbekiston Afg‘onistonga 57 ta harbiy vertolyotni qaytarishga rozi bo‘lganini yozgan edi.
Biroq, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov afg‘onistonlik rasmiyning so‘zlarini rad qildi.
«O‘zbekiston pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolgan, bu yangiliklar — fake news», — degandi vazirlik rasmiysi.
Ma’lumot uchun, AQSH va ittifoqchilari 20 yillik harbiy kampaniya davomida Afg‘oniston hukumatini ko‘p sonli samolyot va vertolyotlar bilan ta’minlagan. 2021 yil avgust oyida «Tolibon» hokimiyatni egallagan paytda 22 ta samolyot va 24 ta vertolyot 585 nafar harbiy xizmatchi bilan O‘zbekistonga qochgan. Keyinchalik uchuvchilar BAA va AQSHga olib ketilgan. Afg‘oniston muvaqqat hukumati bu texnikalarni o‘z mulki, deb hisoblasa-da, rasmiy Toshkent ular AQSHniki ekanini ta’kidlab kelgan.
2022 yildan boshlab Afg‘oniston vakili bir necha bor O‘zbekiston va Tojikistonni texnikani qaytarishga chaqirdi, ammo AQSH mulk huquqiga tayanilgan. 2024 yil avgustda AQSH elchisi Jonatan Henik samolyot va vertolyotlar O‘zbekistonga o‘tkazilishini ma’lum qilib, «ular hech qachon afg‘onlarniki bo‘lmagan»ini ta’kidlagan. Afg‘oniston Mudofaa vazirligi esa bu qarorga keskin qarshi chiqqan.





