
Viloyatlar nomi bilan atalgan 12 ta mehmonxona qurib bitkazildi
19.08.2025 | 09:4538743
Toshkent shahridagi «Yangi O‘zbekiston» bog‘i yaqinida qurilgan zamonaviy mehmonxonalar majmuasi mamlakat turizm sohasi rivojida muhim qadam sifatida topshirildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bunyodkorlik ishlari bilan tanishish jarayonida ushbu inshootlarni ham ko‘zdan kechirdi.

8 gektardan ortiq maydonda barpo etilgan majmua tarkibiga 12 ta mehmonxona, 375 o‘rinli «Yangi Toshkent» konferensiya zali, 310 o‘rinli restoran, sog‘lomlashtirish markazi va sport maydonlari kiradi. Mehmonxonalar Qoraqalpog‘iston hamda viloyatlar nomi bilan atalgan bo‘lib, har biri 3 yulduzli, 5 qavatli va 62 ta xonadan iborat.
Majmua yagona konsepsiya asosida faoliyat yuritadi va uning boshqaruvi «Leo Hospitality Solutions», «Radisson Individuals», «Trademark Collection by Wyndham» kabi nufuzli xalqaro kompaniyalarga topshiriladi. Shu bilan birga, xususiy banklar ham boshqaruv jarayonida sherik sifatida ishtirok etish taklifini bildirgan.
540 ta yangi ish o‘rni yaratilgan mazkur majmua yiliga o‘rtacha 55 ming sayyohga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan. Bu mahalliy va xorijiy turistlar uchun yangi yo‘nalish bo‘lib, Toshkent turizm bozorida raqobatni kuchaytiradi.
Majmua restoranlar, anjumanlar zali va dam olish maskanlari bilan uyg‘un qurilgani xizmat ko‘lamni kengaytiradi. Ushbu hududda xalqaro anjumanlar va yirik tadbirlar o‘tkazilishi ham mumkin.
Prezident xizmat turlarini ko‘paytirish va sifatini oshirish zarurligini qayd etib, shunday ko‘p tarmoqli majmualarni boshqa hududlarda ham tashkil etishni muhim vazifa sifatida belgiladi.





