Volontyorlik loyihalariga 100 mln so‘mgacha grant beriladi

24.02.2026 | 15:102 daqiqa

Yoshlar ishlari agentligi huzurida «Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash» jamg‘armasi tashkil qilinib, unga har yili davlat budjeti hisobidan 20 milliard so‘m ajratiladi.

Volontyorlik loyihalariga 100 mln so‘mgacha grant beriladi

Mamlakatda volontyorlik faoliyatini rag‘batlantirish uchun yangi moliyaviy va institutsional mexanizmlar joriy etiladi.Qo‘shimcha ravishda, viloyat hokimlari mahalliy budjetdan 3 milliard so‘mdan mablag‘ yo‘naltiradi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarga bag‘ishlangan muloqoti davomida ma’lum qilindi.

Ajratiladigan mablag‘lar hisobiga yoshlarning volontyorlik loyihalari uchun 100 million so‘mgacha grantlar taqdim etiladi. Bu tashabbus ijtimoiy faollikni oshirish, tashabbuskor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va jamoatchilik ishlarida ularning ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.

Volontyorlar maktabi

Bugun dunyo aholisining 10 foizdan ortig‘i volontyorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. So‘nggi yillarda mamlakatimizda ham mazkur yo‘nalishning huquqiy asoslari yaratildi, «Volontyorlar maktabi» va oliy ta’lim muassasalarida maxsus markazlar tashkil etildi. Natijada ko‘ngilli yoshlar soni so‘nggi yillarda 5 barobarga oshdi.

Ayni paytda ekologiya, tibbiy xizmat, ta’lim va favqulodda vaziyatlarda ko‘maklashish sohalarida faoliyat yuritayotgan volontyorlar soni 100 ming nafardan oshgan. Ular jamiyatdagi ijtimoiy muammolarni hal etishda faol ishtirok etmoqda.

Tashabbuskor yoshlarni yanada birlashtirish maqsadida vazirlik va idoralar rahbarlari hamda faol ko‘ngillilardan iborat Volontyorlik harakatini rivojlantirish bo‘yicha Vasiylik kengashini tuzish taklif etildi. Shuningdek, ko‘ngilli yoshlarga «ijtimoiy faollik kartasi» ochilib, ularning ekologiya, ijtimoiy himoya, tibbiyot, ta’lim va jamoat xavfsizligi kabi yo‘nalishlardagi ishtiroki asosida ball to‘plash tizimi joriy qilinadi.

Mazkur chora-tadbirlar volontyorlik harakatini yangi bosqichga olib chiqish, yoshlarning jamiyat hayotidagi ishtirokini kuchaytirish va fuqarolik mas’uliyatini mustahkamlashga qaratilgan.

Teglar

Mavzuga oid