add

WhatsApp’da avtomatik javob tizimi joriy etilmoqda

24.08.2025 | 22:3019303

WhatsApp messenjerida audio qo‘ng‘iroqlarga javob berilmagan hollarda avtomatik tarzda ovozli xabar qoldirish imkoniyatini yo‘lga qo‘ymoqda. Yangi funksiya «avtojavobbergich» tizimiga o‘xshash tarzda ishlaydi.

WhatsApp’da avtomatik javob tizimi joriy etilmoqda
Android uchun tayyorlangan sinov versiyasida agar qo‘ng‘iroq qabul qilinmasa, ekranda «Ovozli xabar yozish» tugmasi paydo bo‘ladi. U «Qo‘ng‘iroqni tugatish» va «Qayta qo‘ng‘iroq qilish» tugmalari orasida joylashtirilgan bo‘lib, bosilganida ovozli xabar yozish avtomatik boshlanadi. Foydalanuvchi xabar orqali qo‘ng‘iroq maqsadini qisqacha tushuntirishi, shoshilinch holat haqida ogohlantirishi yoki tez orada qayta qo‘ng‘iroq qilishini so‘rashi mumkin. Yozib olingan xabar qo‘ng‘iroq haqidagi bildirishnoma bilan birga chatga yuboriladi. WaBetaInfo’ning xabar berishicha, ushbu funksiya hozircha Google Play Store orqali Android uchun WhatsApp’ning so‘nggi beta-versiyasini o‘rnatgan ayrim sinovchilarga taqdim etilgan. Yaqin haftalarda imkoniyat kengroq auditoriyaga taqdim etilishi kutilmoqda. Bu esa WhatsApp orqali muloqot jarayonini yanada qulay va samarali qiladi. Avvalroq WhatsApp chatlardagi o‘qilmagan xabarlarni sun’iy intellekt yordamida qisqacha umumlashtirib berish imkonini yaratadigan yangi funksiyani sinovdan o‘tkazayotgani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid