«World Content Market»da ilk bor O‘zbekiston milliy paviloni tashkil etildi

Kecha 21:152 daqiqa

Media va raqamli kontent sohasidagi nufuzli xalqaro tadbir – «World Content Market» o‘z ishini boshladi.

«World Content Market»da ilk bor O‘zbekiston milliy paviloni tashkil etildi

Joriy yilda O‘zbekiston ushbu yirik media bozorida ilk bor milliy pavilon bilan ishtirok etib, mamlakatning milliy kontent salohiyatini global maydonda keng namoyon etmoqda.

«World Content Market» 2008-yildan buyon televideniye va raqamli kontentni yaratish, tarqatish, monetizatsiya qilish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilib kelayotgan yirik media platformalardan biri hisoblanadi. Mazkur tadbir har yili dunyoning turli mamlakatlaridan media industriya vakillarini bir maydonga jamlab, yangi loyihalar, sheriklik tashabbuslari va kontent savdosi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Joriy yilgi tadbirda 20 ga yaqin davlatdan 1500 dan ortiq media sohasi mutaxassislari, 500 dan ziyod kompaniyalar qatnashmoqda. Shuningdek, Janubiy Koreya, Turkiya, Hindiston, Rossiya, MDH mamlakatlari, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlarning milliy ekspozitsiyalari namoyish etildi.

Ishtirokchilar qatoridan 150 dan ortiq televizion kanallar (barcha platformalar bo‘yicha), 40 dan oshiq OTT platformalari va video-portallar, 200 dan ziyod kontent distribyutorlari, 100 dan ortiq prodyuserlar, 100 dan ziyod studiyalar hamda ishlab chiqarish xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalardan iborat kontent xaridorlari o‘rin olgan.

O‘zbekiston milliy pavilonida 10 dan ortiq xususiy kontent ishlab chiqaruvchilar tomonidan 500 dan ortiq o‘zbek badiiy filmlari va seriallari xalqaro xaridorlar e’tiboriga taqdim etilyapti.

Kontent markazi tomonidan tashkil etilgan mazkur pavilon doirasida o‘zbek milliy kontentini xalqaro bozorga olib chiqish, uni xorijiy telekanallar va raqamli platformalarda joylashtirish hamda eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

O‘zbekistonning Moskva shahrida o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro media maydonda milliy pavilon bilan ilk bor ishtirok etishi mamlakatda milliy kontent sanoatini rivojlantirish, mahalliy ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va o‘zbek madaniy mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish yo‘lida muhim strategik qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid