add

«X» ofislarida tintuv o‘tkazildi

Bugun 17:212 daqiqa

Ilon Maskka tegishli «X» ijtimoiy tarmog‘ining Fransiyadagi ofislarida tintuv o‘tkazildi. Tintuv «X» platformasida algoritm tomonidan tavsiya qilinayotgan kontent bo‘yicha olib borilayotgan tergov doirasida o‘tkazilgan.

«X» ofislarida tintuv o‘tkazildi

Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishga ixtisoslashgan politsiya bo‘linmalari «Europol» ko‘magida Ilon Maskka tegishli ijtimoiy tarmoq – «X»ning Fransiyadagi ofislarida tintuv o‘tkazdi.

Parij prokuraturasining ma’lum qilishicha, tintuv «X» platformasida algoritm tomonidan tavsiya qilinayotgan kontent bo‘yicha olib borilayotgan tergov doirasida o‘tkazilgan. Keyinchalik ushbu tergov platformaning bahsli sun’iy intellekt chat-boti – «Grok»ni ham qamrab olgan.

Prokuratura, shuningdek, Ilon Mask va «X»ning sobiq bosh ijroiya direktori Linda Yakkarino aprel oyida bo‘lib o‘tadigan tinglovlarga chaqirilganini ma’lum qildi.

«X» hozircha bu masalaga izoh bergani yo‘q. Avvalroq «X» mazkur tergovni so‘z erkinligiga qarshi hujum sifatida baholagan edi.

«X»ga nisbatan tergov 2025 yil yanvar oyida boshlangan, o‘sha yil iyul oyida esa platformada shahvoniy mazmundagi «deepfake» tasvirlar va Xolokostni inkor etuvchi kontent tarqalayotgani haqidagi xabarlardan so‘ng kengaytirilgan. «X» o‘sha paytda tergovning kengayishini «siyosiy motivlangan» deb atagan va algoritmni manipulyatsiya qilgani haqidagi ayblovlarni rad etgan.

Prokurorlar hozir «X» bir qator sohalar bo‘yicha qonunni buzgan-buzmaganini tekshirayotganini aytmoqda. Tergov doirasida quyidagi ehtimoliy jinoyatlar ko‘rib chiqiladi: bolalar ishtirokidagi pornografik tasvirlarni saqlash yoki uyushgan tarzda tarqatishga sheriklik, shahvoniy «deepfake»lar orqali shaxslarning tasvirga bo‘lgan huquqlarini buzish, shuningdek, uyushgan guruh tomonidan ma’lumotlarni firibgarlik yo‘li bilan olish.

Prokuratura, shuningdek, «X» platformasini tark etishini va bundan buyon «LinkedIn» hamda «Instagram» orqali muloqot olib borishini ma’lum qildi.

So‘nggi paytlarda Maskka tegishli platforma «Grok» sun’iy intellekt vositasi orqali yaratilgan va tahrirlangan shahvoniy tasvirlar sabab qattiq tanqid ostida qoldi. Ko‘p hollarda bu tasvirlar ayollarning haqiqiy suratlari asosida, ularning roziligisiz tayyorlangan.

Bu holat jabrlanuvchilar, onlayn xavfsizlik faollari va siyosatchilar tomonidan keskin norozilikka sabab bo‘ldi. Oqibatda kompaniya bunday amaliyotni cheklash uchun aralashishga majbur bo‘ldi.

Yanvar oyi oxirida Yevropa komissiyasi ushbu tasvirlar bilan bog‘liq xavotirlar sabab «X»ning ona kompaniyasi «xAI»ga nisbatan ham tergov boshlanganini e’lon qildi. Bunga o‘xshash tekshiruv avvalroq Buyuk Britaniya regulyatori «Ofcom» tomonidan ham boshlangan edi.

Shunga o‘xshash ayblovlar «Telegram» platformasiga ham qo‘yilgan. «Telegram» asoschisi Pavel Durov 2024 yil avgust oyida Parij aeroportida hibsga olingan edi. Dastlab unga Fransiya hududidan chiqish taqiqlangan, 2025 yil iyun oyida esa cheklovlar yumshatilib, Dubayga borib kelishga ruxsat berilgandi. Noyabrda Fransiya hukumati Durovga nisbatan amaldagi barcha harakatlanish cheklovlarini bekor qildi.

Teglar

Mavzuga oid