
«Xalq banki» suyunchi puli bo‘yicha tarqalgan xabarlarga raddiya berdi
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda «Xalq banki» farzand tug‘ilganda beriladigan suyunchi pullardan qolgan qismni o‘zlashtirmoqda, degan xabarlar tarqalgan edi. Bank holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Xalq bank filialidan yoki «Xazna» mobil ilovasi orqali olish mumkin bo‘lgan suyunchi puli miqdori eski summa bo‘yicha, ya’ni 811 965 so‘m ( 1 155 000 so‘m * 70.3%) holatda turganligi va bunga asosiy sabab, «Xazna» mobil ilovasi yangilanmaganligi, shunday yirik bank bitta mobil ilovani yangilash imkonini qilolmaydimi yoki buning ortida summani kam miqdorda berib, qolganini o‘zlashtiryaptimi, degan mazmundagi xabarlar tarqalgan edi.
Muhokamalar aynan «Xazna» mobil ilovasida suyunchi puli miqdori eski summa — 811 365 so‘m holatida qolgani bilan bog‘liq bo‘ldi. Chunki 2025 yil 1 avgustdan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oshirilgan va farzand tug‘ilganda beriladigan nafaqa puli ham 893 513 so‘mga yetkazilgan edi.
Xalq banki matbuot xizmati bu bo‘yicha raddiya berdi. Unga ko‘ra, suyunchi puli miqdorini belgilash yoki tayinlash bank vakolatiga kirmaydi. Bu mablag‘ Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan tayinlanib, moliyalashtiriladi, bank esa faqat to‘lovni amalga oshiradi.
Bank izohida ta’kidlanishicha, farzand 1 avgustga qadar tug‘ilgan bo‘lsa — eski tartibda 811 365 so‘m, 1 avgustdan keyin tug‘ilganida esa yangi miqdordagi 893 513 so‘m to‘lab beriladi. «Xazna» ilovasining yangilanishi yoki yangilanmasligi pulingiz amalda olishga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi», deyilgan raddiyada.
Xalq banki ommaviy axborot vositalari va blogerlarni xolis ma’lumot tarqatishga chaqirdi va asossiz xabarlar uchun qonunchilikda javobgarlik belgilanganini eslatdi.





