Logo

Xalqaro kimyo olimpiadasida o‘zbekistonlik o‘quvchilar 4 ta medal oldi

Bugun 13:551 daqiqa

Ularga beriladigan mukofot puli umumiy hisobda 2 milliard 884 million so‘mni tashkil etadi. Ustozlariga esa 494,4 million so‘m beriladi.

Xalqaro kimyo olimpiadasida o‘zbekistonlik o‘quvchilar 4 ta medal oldi

Toshkentda 10-iyul kuni start olgan va dunyoning 90 dan ortiq mamlakati ishtirok etgan 58-Xalqaro kimyo olimpiadasi yakunlandi. Unda qatnashgan 4 o‘zbekistonlikning barchasi sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Jumladan, Rayhona Tuymurodova oltin medalni qo‘lga kiritdi. Jasur Mustafoyev, Azizmuhammad Hafizov hamda Mirjalol Homidjonov esa kumush medal bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida medal qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik ishtirokchilar pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Mazkur tartibga ko‘ra, oltin medal sohibiga 1 milliard 30 million so‘m, kumush medal sohibiga 618 million so‘m, bronza medal sohibiga esa 412 million so‘m beriladi.

Ularni tayyorlagan o‘qituvchilarni ham moddiy rag‘batlantirish nazarda tutilgan. Ya’ni oltin medal sovrindorining ustoziga 185,4 million so‘m, kumush medal sovrindorining ustoziga 103 million so‘m, bronza medal olganlarning ustoziga esa 61,8 million so‘m pul mukofoti beriladi. Bundan tashqari, g‘oliblarni xalqaro olimpiadaga tayyorlagan o‘qituvchilarning malaka toifasi bir pog‘ona oshirilishi belgilangan.

Shundan kelib chiqib, bu galgi o‘zbekistonlik g‘olib va sovrindorlarning barchasiga umumiy hisobda 2 mlrd 884 mln so‘m, o‘qituvchilariga esa 494,4 mln so‘m to‘lab beriladi.

Teglar

Mavzuga oid