add

Xarajatlarning 40 foizi — urushga: Putin Rossiyaning 2026-yilgi budjetini tasdiqladi

01.12.2025 | 09:185262 daqiqa

RF prezidenti Vladimir Putin tasdiqlagan 2026-yil budjeti kuchaygan harbiy xarajatlar, keskin qisqargan ijtimoiy yordam va rekord soliq yuki bilan Rossiya iqtisodini yanada bosimga qo‘yadi.

Xarajatlarning 40 foizi — urushga: Putin Rossiyaning 2026-yilgi budjetini tasdiqladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2026 yilga mo‘ljallangan davlat byudjeti va uch yillik moliyaviy rejani imzoladi. Hujjatga ko‘ra, kelasi yili budjet daromadlari 40,27 trln rublga yetsa, xarajatlar 44,06 trln rublni tashkil etadi. Shu tariqa taqchillik 3,78 trln rubl, ya’ni YAIMning 1,6 foiziga teng bo‘ladi.

Eng e’tiborli qismi — xarajatlar tarkibi. Kreml kelgusi yili armiya, qurol-yarog‘ va harbiy sanoatga 12,93 trln rubl ajratadi. «Milliy xavfsizlik» deb belgilangan qo‘shimcha 3,91 trln rubl esa IIV, Rosgvardiya, maxsus xizmatlar va FSIN tizimlarining byudjetiga to‘g‘ri keladi. Jami hisobda 16,84 trln rubl — byudjetning 38 foizi kuchishlatar tuzilmalar ixtiyoriga yo‘naltiriladi. Bu SSSR vaqtidan buyon kuzatilmagan rekord ko‘rsatkich.

Shu bilan birga, ijtimoiy xarajatlar ulushi 25,1 foizgacha tushiriladi (urishdan oldin — 38,1 foiz bo‘lgan). Milliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga ajratiladigan mablag‘ 20 yildagi eng past daraja — 10,9 foizni tashkil etadi.

Daromad qismida ham vaziyat jiddiy: neft-gazdan tushum har yili kamaymoqda. 2026 yilda bu yo‘nalishdan 8,9 trln rubl olinishi kutilmoqda — joriy yildagidan deyarli farqsiz. Qolgan kamomadni to‘ldirish uchun hukumat yangi soliq yukini joriy qilmoqda: qo‘shimcha 2,9 trln rublni neftga aloqasi yo‘q biznesdan to‘plash rejalashtirilgan.

2026 yildan Rossiyada qo‘shilgan qiymat solig‘i 22 foizga ko‘tariladi. Kichik biznes uchun soddalashtirilgan soliq tizimini keskin cheklovchi yangi soliq islohotlari amalga kiritiladi. Bundan tashqari, sentabr oyidan «texnologik yig‘im» — maishiy texnika va elektronika sotuviga qo‘shimcha soliq joriy etiladi.

Shu orqali hukumat milliardlab rubl yig‘ishni rejalashtirar ekan, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy dasturlar keskin qisqartirildi. Jumladan, «Faol hayot» milliy loyihasi 26 foizga kamaytiriladi, birlamchi tibbiy yordam modernizatsiyasi 2,3 baravarga qisqartiladi, shoshilinch yordam va qator kasalliklarga qarshi dasturlar ham sezilarli darajada mablag‘ yo‘qotadi.

Teglar

Mavzuga oid