
XDP poytaxtda «pulli parkovka» narxlarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi
Unga ko‘ra, Toshkent shahridagi pulli avtomobil to‘xtash joylari narxlari aholi daromadlariga mos emas.

Xalq demokratik partiyasi deputatlari Toshkent shahridagi avtomobillar uchun pulli to‘xtash joylaridagi narxlarni qayta ko‘rib chiqish zarurligini bildirdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar hokimligining tegishli qarori bilan 14 mingga yaqin pulli avtomobil to‘xtash joylari tashkil etilishi belgilangan. Partiya xabariga ko‘ra, poytaxt ko‘chalarida avtomobil qo‘yish joylaridan foydalanish haqi soatiga 12 ming so‘mdan boshlab belgilangani, tushayotgan mablag‘lar bo‘yicha ochiqlik va hisobdorlik yetishmayotgani jamoatchilik orasida turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Ta’kidlanishicha, bunday tizim aholining daromadlari va imkoniyatlariga mos bo‘lishi, hayotiy zarur ehtiyojlari hisobga olinishi lozim.
«Masalan, poytaxt markazi va unga yaqin hududlarda ishlayotgan yurtdoshlarimiz ish vaqti davomiyligi bo‘yicha avtomobillarini 8 soat atrofida pulli to‘xtash joylarida qoldirishiga to‘g‘ri kelmoqda. Demak, kunlik to‘lov 100 ming so‘m atrofida bo‘lib, oylik to‘lov mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan ham ortib ketmoqda. Bu esa fuqarolarning o‘rtacha daromadlariga qanchalik to‘g‘ri kelayotgani jiddiy masalaga aylanmoqda.
Pulli to‘xtash joylari bizga har tomonlama yaqin bo‘lgan qo‘shni davlatlarda ham tashkil etilgan. Ularda to‘xtab turish narxi bir necha barobar arzon. Demak, bizdagi tarif miqdori iqtisodiy mantiq va ijtimoiy adolat mezonlaridan ancha uzoqligi ko‘rinmoqda», – deyiladi bayonotda.
XDP poytaxt pulli to‘xtash joylari bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganib, ayrim takliflarini berdi.
Birinchi taklif: ommaviy foydalanishdagi xizmat uchun har qanday tarif yoki yig‘im miqdorini belgilashda aholining real daromadlari, ijtimoiy himoya darajasi va hayotiy ehtiyojlari inobatga olinishi zarur;
Ikkinchi taklif: belgilangan tariflar iqtisodiy asoslanishi, qayta ko‘rib chiqilishi, mablag‘lar qayerga tushayotgani, ularning qanday sarflanishi haqida ma’lumotlar keng jamoatchilikka ochiqlanishi kerak;
Uchinchi taklif: ijtimoiy obektlar, xususan, davlat tibbiy muassasalari, davlat xizmatlari ko‘rsatiladigan markazlar va «Inson» markazlari, shuningdek kutubxonalar oldidagi pulli to‘xtash joylaridan ma’lum vaqt davomida bepul foydalanish imkoniyatini yaratishni nazarda tutish lozim;
To‘rtinchi taklif: savdo korxonalari, xizmat ko‘rsatish, tibbiyot, sport va madaniy-ko‘ngilochar muassasalar hududidagi to‘xtash joylarining kamida 5 foizi imtiyozga ega shaxslar uchun bepul ajratilishi qat’iy ta’minlanishi kerak hamda mazkur me’yorni oshirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilishi maqsadga muvofiq;
Beshinchi taklif: qator pulli to‘xtash joylari “qatnov qismida to‘xtash taqiqlanadi” belgisi o‘rnatilgan yo‘l qismlarida tashkil etilayotgani “pul to‘lansa – mumkin”, degan xulosani bermoqda. Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra to‘xtash taqiqlangan joyda to‘lovdan keyin to‘xtash mumkin bo‘layotgani tenglik tamoyillariga ziddir.





