
Xitoy AQSH va Rossiyaning talablariga javob qaytardi
27.08.2025 | 21:4011783
Xitoy AQSH va Rossiyaning yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha talablarni «mantiqsiz» deb baholadi.

Xitoy AQSH va Rossiyaning yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha muzokaralarga qo‘shilish talablarini «mantiqsiz va voqelikdan yiroq» deb baholadi. Bu haqda Reuters Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Go Szyakunga tayanib, ma’lum qildi.
Bundan bir kun oldin AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan yadroviy nazorat masalalarini muhokama qilganini va Pekinning ham ushbu jarayonda ishtirok etishini xohlayotganini aytgan edi.
Go Szyakun Xitoy va AQSHning yadroviy imkoniyatlarini taqqoslab bo‘lmasligini alohida ta’kidladi.
«Xitoy va Amerika Qo‘shma Shtatlarining yadroviy salohiyati butunlay turli darajalarda, ikki mamlakatning strategik xavfsizlik muhiti va yadro siyosati ham mutlaqo farqli. Shu bois, Xitoydan AQSH va Rossiya bilan yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha uch tomonlama muzokaralar boshlashni talab qilish bema’nilik va voqelikdan yiroq», - deya ta’kidladi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili.
Uning aytishicha, Xitoy birinchi bo‘lib yadro qurolini qo‘llamaslik tamoyiliga qat’iy rioya qiladi va faqat mudofaa yo‘nalishidagi yadro strategiyasini yuritadi. Pekin boshqa davlatlar bilan qurollanish poygasiga kirishish niyatida emas.
«Eng katta yadro zaxiralariga ega davlatlar birinchi navbatda yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha o‘zlarining alohida ustuvor majburiyatlarini bajarishlari lozim», - deya qo‘shimcha qildi diplomat.





