add

Xitoy AQSHdan olimlarini qaytarib olmoqda

Pekin bu jarayonni yuqori maosh, bonus va imtiyozlar taklif qilish orqali kuchaytirgan.

Xitoy AQSHdan olimlarini qaytarib olmoqda
2024 yil boshidan beri kamida 85 nafar xitoylik olim AQSHdan o‘z vataniga qaytib, mahalliy ilmiy muassasalarda ish boshladi. Bu haqda CNN nashri xabar berdi. Nashrning yozishicha, Xitoy universitetlari va korporatsiyalari xorijlik olimlarga yuqori maosh, yirik bonuslar va keng imtiyozlar taklif qilmoqda. Bu esa AQSHda faoliyat yuritayotgan olimlarni o‘z vataniga qaytishga undayapti. Qayd etilishicha, Oq uyning ilm-fanga sarf-xarajatlarni qisqartirish va xorijiy kadrlar ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlari fonida mutaxassislarning chiqib ketishi kuchayishi mumkin. Xitoy esa, aksincha, innovatsiyalarga sarmoyani faol ravishda oshirmoqda. «Bu Vashington va Pekin o‘rtasidagi sun’iy intellekt, kvant hisoblash, yarim o‘tkazgichlar, biotexnologiya va aqlli harbiy qurilmalar kabi kelajakni shakllantiruvchi sohalarda hukmronlik qilish uchun bo‘layotgan raqobatga ta’sir ko‘rsatishi mumkin», deyiladi CNN xabarida. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilning o‘zida Pekin ilmiy tadqiqotlarga 780 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflagan va xarajatlar hajmi bo‘yicha Qo‘shma Shtatlar bilan deyarli tenglashgan. Stenford universiteti tadqiqotiga ko‘ra, 2010–2021 yillar oralig‘ida AQSHdan Xitoyga taxminan 12,5 ming olim ko‘chib o‘tgan.

Teglar

Mavzuga oid