
Xitoy AQSHni ikki yuzlamachilikda aybladi
12.10.2025 | 22:3011164
Xitoy Donald Trampning Xitoy tovarlariga 100 foizlik qo‘shimcha boj joriy etish tahdidini «AQSHning ikki yuzlamachi siyosatining yorqin namunasi» deb atadi. Xitoy zarur bo‘lsa, javob choralarini ko‘rishini bildirdi.

Xitoy Savdo vazirligi AQSH prezidenti Donald Trampning mamlakat mahsulotlariga nisbatan 100 foizlik yangi bojlar joriy etish haqidagi bayonotiga munosabat bildirdi. Bayonotda aytilishicha, bu qaror «AQSHning odatiy ikki yuzlamachilik siyosatini yana bir bor namoyon etdi».
Vazirlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, agar Vashington tahdidini amalga oshirsa, Pekin ham o‘zining noaniq «qarshi choralarini» joriy etishi mumkin. «Biz savdo urushi boshlanishidan qo‘rqmaymiz, ammo uni xohlamaymiz», — deyilgan bayonotda.
Tramp Xitoyning noyob elementlar eksportiga qo‘shimcha nazorat o‘rnatganiga javoban bu tahdidni bildirgan. U Pekinni «juda dushmanona munosabatda bo‘lish» va «dunyoni garovda ushlash»da ayblagan hamda shu oy oxirida Xitoy rahbari Si Jinpin bilan rejalashtirilgan uchrashuvni bekor qilish bilan tahdid qilgan.
Trampning bayonoti moliya bozorlariga ham ta’sir ko‘rsatdi — S&P 500 indeksi 2,7 foizga pasaydi, bu apreldan beri kuzatilmagan eng katta tushish hisoblanadi.
Ikki davlat o‘rtasida savdo mojarosi qayta kuchayishi xavfi ortib borayotgani ta’kidlanmoqda. May oyida Vashington va Pekin uch raqamli bojlarni bekor qilishga kelishgan edi, ammo keyinchalik yangi cheklovlar qayta joriy etilgan.
Xitoy vazirligi o‘z javobida AQSHning mikrosxema va yarimo‘tkazgichlar eksportiga nisbatan cheklovlarini tanqid qildi hamda noyob elementlar eksporti bo‘yicha nazoratni milliy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan «odatiy chora» deb atadi.
«AQSH milliy xavfsizlik tushunchasini suiiste’mol qilib, eksport nazorati choralarini asossiz kengaytirmoqda va Xitoyga nisbatan diskriminatsion siyosat yuritmoqda», — dedi vazirlik vakili.
Mutaxassislar fikricha, Pekin va Vashingtonning keskin bayonotlari kelgusidagi muzokaralar oldidan siyosiy pozitsiyalarini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Tramp va Si Szinpinning joriy oyda Janubiy Koreyada o‘tkazilishi kutilgan uchrashuvi bo‘lib o‘tadimi-yo‘qmi, hozircha aniq emas.
Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp 1 noyabrdan boshlab Xitoydan import qilinadigan barcha tovarlarga 100 foizli qo‘shimcha boj joriy etilishini ma’lum qilgan edi.





