Xitoy AQSHni ortda qoldirib, yana Germaniyaning asosiy savdo hamkoriga aylandi

20.02.2026 | 19:002 daqiqa

Donald Tramp joriy etgan tariflar tufayli AQSHga eksport qisqargan bir paytda, Xitoyning Germaniya uchun savdo hamkori sifatidagi ahamiyati ortib bormoqda.

Xitoy AQSHni ortda qoldirib, yana Germaniyaning asosiy savdo hamkoriga aylandi

2025 yilda Xitoy yana Germaniyaning eng yirik savdo hamkoriga aylandi va AQSHni ortda qoldirdi. Germaniya va Xitoy o‘rtasidagi savdo hajmi — eksport va importning umumiy ko‘rsatkichlari – 2,1 foizga oshib, 251,8 mlrd yevrodan iborat bo‘ldi. Bu haqda bugun, 20-fevral kuni Visbadendagi Federal statistika idorasi xabar qildi.

AQSH esa 240,5 mlrd yevrolik (-5,0 foiz) tovar aylanmasi bilan ikkinchi o‘ringa tushdi.

Xitoy 2016 yildan 2023 yilgacha Germaniyaning asosiy savdo hamkori bo‘lgan edi, ammo 2024 yilda bu o‘rinni AQSHga bergan. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, uchinchi o‘rinni Niderlandiya 209,1 mlrd yevro (+3,3 foiz) tovar aylanmasi bilan egalladi.

AQSH – nemis eksporti uchun asosiy bozor

Savdo mojarosi va Amerika bojlari oshirilishiga qaramay, 2025 yilda AQSH Germaniya eksporti uchun eng yirik bozor bo‘lib qoldi. «Made in Germany» yorlig‘iga ega mahsulotlar AQSHga 146,2 mlrd yevro miqdorida yetkazib berildi, garchi bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 9,4 foizga kamaygan bo‘lsa-da. Eng katta pasayish (17,8 foiz) avtomobillar va avtokomponentlar eksportida kuzatildi.

«Bunga Trampning savdo siyosati aybdor», – deydi Makroiqtisodiyot va kon’yunktura tadqiqotlari instituti (IMK) ilmiy direktori Sebastyan Dulliyen «Reuters» agentligiga bergan intervyusida.

U 2025 yil avgustidan boshlab AQSH ma’muriyati tomonidan nemis tovarlarining aksariyatiga 15 foiz miqdorida boj joriy etilganini eslatdi.

Nemis eksportining ikkinchi va uchinchi yirik yo‘nalishlari Fransiya (117,4 mlrd yevro, +2,0 foiz) va Niderlandiya (112,5 mlrd yevro, +2,9 foiz) bo‘ldi. Bu reytingda Xitoy faqat oltinchi o‘rinni egalladi.

Importda Xitoy ustunlik qilmoqda

Import sohasida esa Germaniya o‘n yildan buyon eng ko‘p Xitoyga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. 2025 yilda Xitoydan yetkazib berish hajmi 8,8 foizga oshib, 170,6 mlrd yevroga yetdi. Importning asosiy qismini hisoblash texnikasi, elektron va optik mahsulotlar (50,9 mlrd yevro), elektr uskunalari (32,8 mlrd yevro) hamda mashinalar (13,9 mlrd yevro) tashkil etdi.

Iqtisodchilar Xitoy importi o‘sishini AQSH bojlari tufayli tovarlar yo‘nalishining o‘zgarishi bilan bog‘lamoqda. IMK bahosiga ko‘ra, Xitoy mahsulotlarining AQSH bozoriga kirishiga qo‘yilgan cheklovlar ularning Yevropaga qayta yo‘naltirilishiga olib kelmoqda va bu Germaniya kompaniyalari uchun ichki bozorda raqobat bosimini kuchaytirmoqda.

Germaniyaning Xitoyga eksporti kamaymoqda

Shu bilan birga, Germaniyaning Xitoyga eksporti 9,7 foizga kamayib, 81,3 mlrd yevroga tushdi. Tahlilchilar qayd etishicha, Xitoy avval Germaniyadan import qilgan tovarlarni, jumladan avtomobillarni, tobora ko‘proq o‘zi ishlab chiqarmoqda. Natijada 2025 yilda Germaniyaning Xitoy bilan savdo balansi taqchilligi 22,4 mlrd yevroga oshib, 89,3 mlrd yevroga yetdi.

Umuman olganda, 2025 yilda Germaniya jahon bozoriga 1,57 trln yevro miqdorida tovar eksport qildi (+1,0 foiz – so‘nggi ikki yil ichidagi birinchi o‘sish), import esa 4,4 foizga oshib, 1,37 trln yevroga yetdi. Eksportning asosiy yo‘nalishlari avtomobillar, mashinalar va kimyo mahsulotlari bo‘lib qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid