add

Xitoy avtobuslarini masofadan boshqarish imkoniyati borligi fosh bo‘ldi

Bugun 15:255672

Norvegiyadagi tekshiruv Xitoyda ishlab chiqarilgan elektrobuslarini ishlab chiqaruvchi kompaniya masofadan o‘chirishi yoki boshqarishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Xitoy avtobuslarini masofadan boshqarish imkoniyati borligi fosh bo‘ldi

Norvegiya poytaxti Osloda o‘tkazilgan maxsus tekshiruvda Xitoyning Yutong shirkati ishlab chiqargan elektr avtobuslari ishlab chiqaruvchi tomonidan masofadan nazorat qilinishi mumkinligi aniqlandi. Niderlandiyada ishlab chiqarilgan avtobus bilan taqqoslama sinovda faqat Xitoy modelida ushbu funksiya mavjud ekani ma’lum bo‘ldi, deb yozmoqda Anadolu agentligi.

Oslodagi jamoat transporti uchun mas’ul Ruter kompaniyasi yoz oylarida ikki avtobusni maxfiy testdan o‘tkazgan — biri Niderlandiya, ikkinchisi esa Xitoyning Yutong brendiga tegishli bo‘lgan. Tekshiruv natijasida Niderlandiyada ishlab chiqarilgan avtobus ishlab chiqaruvchi tomonidan masofadan boshqarilmagani aniqlandi, Yutong modeli esa nafaqat o‘chirilishi, balki dasturiy ta’minoti ham uzoqdan yangilanishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi.

Mutaxassislar bu tizim yovuz niyatlarda qo‘llanilsa, transport vositalarining butun elektron infratuzilmasini ishdan chiqarish ehtimoli borligini ta’kidladi. Bu esa Yevropa mamlakatlarida raqamli xavfsizlik va tashqi texnologiyalarga bog‘liqlik masalasini yana kun tartibiga qaytardi.

Norvegiyadagi topilmalardan so‘ng diqqat Daniyaga qaratildi. Mamlakatda hozirda 262 ta Yutong brendidagi elektrobus faoliyat ko‘rsatmoqda. Daniyaning yirik transport operatori Movia rahbari Yeppe Gaard bu holat bo‘yicha maxsus tekshiruv boshlanganini bildirdi.

Yevropa rasmiylari bu kabi texnologiyalar orqali tashqi ta’sir ehtimoli yuzaga kelishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. Kiberxavfsizlik mutaxassislari esa kelgusida transport infratuzilmalarida milliy programmalar va serverlardan foydalanish zarurligini ta’kidlamoqda.

Avvalroq Xitoydan Toshkentga 202 ta Yutong elektrobuslari olib kelingani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid