
Xitoy Eksimbanki O‘zbekistonga telekommunikatsiya rivoji uchun 500 mln dollar kredit ajratdi
23.06.2025 | 08:005364
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik hamkorlik doirasida XXR Eksport-import banki tomonidan telekommunikatsiya sohasi rivoji uchun 500 mln dollar miqdorida qarz ajratildi. Shu bilan birga, transport va «yashil» loyihalar bo‘yicha yana bir necha mlrd dollarlik kelishuvlar muhokama qilinmoqda.
21 iyun kuni O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Xitoyning Eksimbanki raisi Chen Huayyuy bilan uchrashib, qator istiqbolli loyihalarni muhokama qildi. Uchrashuv yakunida telekommunikatsiya sohasi rivoji uchun 500 mln dollarlik qarz shartnomasi imzolandi.
Hujjatda kredit oluvchi tomon sifatida O‘zbekistonning aynan qaysi kompaniyasi ishtirok etayotgani ochiqlanmagan. Uchrashuvda raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos va ISSV vaziri o‘rinbosari Shohrux G‘ulomov ham qatnashdi.
Shuningdek, 20 iyun kuni transport vazirining o‘rinbosari Ilhomjon Abdug‘aforov Eksimbank rahbarlari bilan Toshkent–Samarqand va Toshkent–Andijon yo‘nalishlarida pulli avtomobil yo‘llari qurilishi, alohida yuqori tezlikdagi temiryo‘l va jamoat transportini rivojlantirish loyihalarini muhokama qildi.
O‘zbekiston tarafi elektrobuslar xaridi bo‘yicha «O‘zsanoatqurilishbank» va Eksimbank o‘rtasida 200 ta elektrobus xaridi uchun kelishuvni tezlashtirish, shuningdek, yana 1000 ta metan yonilg‘isida harakatlanuvchi avtobusni xarid qilish rejalarini ham muhokama qilgan.
Aprel oyida ham Toshkent uchun 200 ta elektrobus xaridini moliyalashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borilgan, hozirda esa Nukus va viloyat markazlari uchun 1000 ta metan avtobus yetkazib berish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2002 yildan buyon Xitoy Eksimbanki bilan hamkorlikda 3,2 mlrd dollarlik 51 loyiha amalga oshirilgan. Hozirda 1,9 mlrd dollarlik 2 loyiha ijrosi ketmoqda, qo‘shimcha ravishda yana 2,2 mlrd dollarlik 13 yangi loyiha muhokama qilinmoqda. Ular sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, transport va infratuzilma sohalarini qamrab oladi.





