Logo

Xitoy Eron urushidan ko‘rgan foydalarini hisob-kitob qilmoqda — CNN

Bugun 20:206 daqiqa

Yaqin Sharqdagi urush tugab borar ekan, mojarodan eng ko‘p yutgan davlatlardan biri sifatida Xitoy tilga olinmoqda.

Xitoy Eron urushidan ko‘rgan foydalarini hisob-kitob qilmoqda — CNN

AQSH va Isroil bombalari Eronga yog‘ila boshlaganida, Xitoy rahbariyati yana bir ittifoqchi hukumatning ag‘darilish xavfiga duch kelgan edi. Undan bor-yo‘g‘i bir necha hafta muqaddam Venesuelada ham xuddi shunday holat kuzatilgandi.

Oradan qariyb to‘rt oy o‘tib, vaziyat butunlay o‘zgardi: AQSH va Eron bir necha haftalik tinchlik muzokaralaridan so‘ng oraliq kelishuvga erishdi, ammo Tehrondagi tuzum o‘z o‘rnida qoldi. Qolaversa, ko‘pchilikning fikricha, bu urush Amerika qudratining cheklanganini ko‘rsatib qo‘ydi.

Ayni paytda Pekinning diplomatik nufuzi ham ortib borayotgandek taassurot uyg‘otmoqda. U ko‘plab xorijiy davlat rahbarlarini qabul qildi va o‘zini tinchlik tarafdori sifatida namoyon etdi. Hatto AQSH prezidenti Donald Tramp ham Xitoyni urushga nisbatan tutgan pozitsiyasi uchun bir necha bor maqtashga ulgurdi.

Dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyoti bo‘lgan ushbu davlat nizo ortidan kelib chiqqan tarixiy energetika inqirozini ko‘plab qo‘shnilariga qaraganda osonroq yengib o‘tdi. Bunga, xususan, uning ulkan strategik neft zaxiralari, shuningdek, yashil texnologiyalar va elektromobillarning keng joriy etilgani sabab bo‘ldi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi shu hafta bergan bayonotida AQSH va Eron o‘rtasidagi kelishuvni olqishladi. Vazirlik rasmiy vakilining so‘zlariga ko‘ra, Pekin Yaqin Sharqda «tinchlik va barqarorlikni tiklashda» faol ishtirok etishga «tayyor».

Ushbu bitimga erishishda Pekinning ham hissasi bor-yo‘qligi haqidagi savolga vazirlik vakili Lin Jian aniq javob bermadi. Biroq u Xitoyning urushni to‘xtatish yo‘lidagi «tinimsiz» sa’y-harakatlarini, jumladan, aprel oyida Xitoy rahbari Si Jinping tomonidan to‘rt banddan iborat tinchlik taklifi ilgari surilganini eslatib o‘tishni unutmadi.

Qolaversa, bunday e’tiroflar faqat Pekinning o‘zidan yangrayotgani yo‘q.

«Men Xitoyga, prezident Siga minnatdorlik bildirmoqchiman... U mutlaqo betaraf qoldi. Men buni yuksak darajada qadrlayman», — dedi Tramp Fransiyada bo‘lib o‘tgan «Katta yettilik» sammitidagi matbuot anjumanida.

Shuningdek, u Xitoy rahbari AQSHning Eron portlariga qo‘ygan qamalini buzish uchun o‘z mamlakatining harbiy-dengiz qudratidan foydalanmaganiga alohida e’tibor qaratdi.

«Ular bunday qilishmadi. Prezident Si menga yordam berdi. U ko‘maklashishga harakat qildi va menimcha, masalaning hal etilishida uning ham hissasi bor», — deya qo‘shimcha qildi Tramp.

Xitoy nizo davomida juda ehtiyotkor diplomatik siyosat olib bordi. U AQSH va Isroilning Eronga hujumini qoraladi va Amerika sanksiyalariga qaramay, Eron neftini sotib olishda davom etdi. Shu bilan birga, u nizolashayotgan har ikki tomon bilan ham aloqalarni uzgani yo‘q.

Nizo davom etayotgan bir paytda ko‘plab xorijiy davlatlar rahbarlari Pekinga tashrif buyurdi. Jumladan, o‘tgan oyda Tramp, undan bir necha kun avval Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi va mojaroda asosiy vositachi bo‘lgan Pokiston rahbarlari Xitoy poytaxtida bo‘lishdi. Muzokaralarning dastlabki bosqichida Tehron tinchlik kelishuvida Xitoyning kafil sifatidagi qo‘lloviga erishishga uringan edi, biroq Pekin muammo tug‘dirishi mumkin bo‘lgan bunday rasmiy rolni bajarishga unchalik qiziqish bildirmadi.

Chorshanba kuni Xitoyning bosh diplomati Van I Araqchi bilan telefon orqali muloqot qildi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kema qatnovi masalasini «to‘g‘ri hal qilishga» chaqirdi.

«Tinchlik tongi otdi. Navbatdagi qadamning asosiy sharti shuki, barcha tomonlar o‘z majburiyatlarini amalda bajarishi va tashqi aralashuvlarning oldini olishi lozim», — dedi Van I.

Chorshanba kuni rasman imzolangan va yakuniy bitim shartlarini ishlab chiqish uchun 60 kunlik muzokaralar davrini boshlab bergan o‘zaro anglashuv memorandumiga erishishda Pekin yashirin kanallar orqali o‘zining diplomatik ta’siridan qanchalik foydalangani (yoki umuman foydalanmagani) noma’lumligicha qolmoqda. Ammo Pekin uchun bunday oshkora tashriflar, boshqalar urush olovini yoqayotgan bir paytda, uning mas’uliyatli global qudrat va nufuzli vositachi ekani haqidagi tasavvurni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

«Suvaysh lahzasi» atrofidagi bahslar

Ikki tomon muzokaralarning keyingi bosqichiga qadam qo‘yar ekan, kuzatuvchilar global iqtisodiyotga og‘ir zarar yetkazgan ushbu nizodan AQSH aynan nima yutganini diqqat bilan kuzatmoqda. AQSH hukmronligidagi jahon tartibotiga qarshi turish tashqi siyosatining asosiy tamoyillaridan biri hisoblangan Xitoyda, siyosatshunoslar bu mojaro AQSHning dunyo sahnasidagi o‘rniga qanday ta’sir qilganini muhokama qilmoqda.

Ayrim ekspertlar ushbu nizo AQSH uchun o‘ziga xos «Suvaysh lahzasi» bo‘ldimi, degan savolni o‘rtaga tashlamoqda. Bu o‘rinda 1950 yillarda Britaniyaning Suvaysh kanali ustidan nazoratni yo‘qotgani nazarda tutilmoqda. Bu voqea Britaniyaning xalqaro maydondagi tanazzuli va uning o‘rnini global kuch sifatida AQSH egallaganining yaqqol belgisi sifatida qabul qilinadi.

«Suvaysh inqirozi davrida Britaniya imperiyasiga soya solgan manzara endi Amerika Qo‘shma Shtatlari uchun Ho‘rmuz bo‘g‘ozida takrorlanmoqdami?» — deya savol qo‘yadi Shanxaydagi Fudan universiteti Yaqin Sharqni o‘rganish markazi direktori Sun Degang «Global Times» nashrida chop etilgan maqolasida.

Sunning yozishicha, Sovuq urush tugaganidan beri Qo‘shma Shtatlar dunyoning yagona o‘ta qudratli davlatiga aylangan. Biroq bu gal AQSHning harbiy qudrati Vashington tasavvur qilganidek mutlaq ustun emasligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, u boshlagan urushni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy ittifoqchilarning yo‘qligi AQSH boshchiligidagi global ittifoq tizimida bo‘linish belgilari kuchayib borayotganidan dalolat beradi.

Bu savol G‘arbda ham muhokama qilinmoqda, ammo Xitoyda ayrimlar Pekin Vashington boshlagan urushdan foyda ko‘rdi, degan fikrni ochiq bildirmoqda.

Siyosiy sharhlovchi Xu Sizin shu hafta boshida «Weibo» ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozdi: «Xitoy uzoq Yaqin Sharqdagi urushning «g‘oliblik toji»ni kiyishdan manfaatdor emas». Biroq mojaro dunyoning Xitoyga bo‘lgan munosabatiga ta’sir qildi — u energiya inqirozlarini yengib o‘tishdagi «strategik rejalashtirish» muvaffaqiyatini va o‘zining tinch «taraqqiyot yo‘li» jozibador ekanini ko‘rsatib qo‘ydi, deb ta’kidladi u.

Xuning yozishicha, urush Tayvan masalasida ham AQSHning umumiy tiyib turish qudratini «sezilarli darajada zaiflashtirdi». Uning ta’kidlashicha, bu holat AQSHning o‘q-dori zaxiralari cheklanganini va hatto Eron kabi yakkalanib qolgan dushmanga qarshi ham G‘arb koalitsiyasini tuza olmaganini ko‘rsatib qo‘ydi.

Xitoy o‘zini o‘zi boshqaruvchi Tayvanni o‘z hududi deb hisoblaydi va orolni nazoratga olish uchun kuch ishlatish ehtimolini ham inkor etmaydi.

Xitoyning muvozanatni saqlash siyosati

AQSH mavqeining zaiflashganini ko‘rayotgan Xitoy bundan keyin qanday yo‘l tutishi hamon ochiq savol bo‘lib qolmoqda. Pekin anchadan beri o‘zini «ko‘p qutbli dunyo» himoyachisi sifatida ko‘rsatib keladi. Shu bois, u ushbu nizodan dunyoda o‘zi istagan yana bir o‘zgarishni amalga oshirish — AQSH hamda uning ittifoqchilari hukmronlik qilayotgan xavfsizlik tizimiga chek qo‘yish yo‘lida foydalanishi ehtimoli yuqori.

Biroq urush davomida Pekin mojaroni hal qilishda tashabbusni qo‘lga olish yoki qaysidir tomonni ochiqdan-ochiq yoqlash o‘rniga, o‘z manfaatlarini ko‘zlagan holda juda ehtiyotkorlik bilan harakat qildi.

Xitoy o‘zining ko‘p yillik sherigi Eronni siyosiy bayonotlarda qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, mojaroni keltirib chiqargani uchun AQSHni tanqid qilishda me’yorni saqlay bildi. Shuningdek, u Eron hujumiga uchragan Ko‘rfaz davlatlari bilan ham bir necha bor telefon orqali muloqotlar va uchrashuvlar o‘tkazdi.

AQSH hukumatiga ko‘ra, Xitoy kompaniyalari Tehronning qurol-yarog‘ sotib olishiga ko‘maklashgan. Biroq, shu bilan birga, joriy yilning bahorida Pekin Tehronni Vashington bilan muzokaralar olib borishga undagani haqida ham qarashlar keng tarqalgan. Pekin esa mojaro bo‘layotgan mamlakatlarga qurol yetkazib berayotganini qat’iyan rad etib keladi.

Bunday taxminlarga va Xitoy Eron neftini sotib oluvchi eng yirik davlat ekaniga qaramay, Si Jinpingning o‘tgan oyda Trampni do‘stona ruhda qabul qila olgani Pekinning nufuzi va uning puxta o‘ylangan muvozanatni saqlash siyosatidan dalolat beradi.

Ammo xitoylik kuzatuvchilarning fikricha, AQSH uchun ehtimoliy «Suvaysh lahzasi»ning yuzaga kelishi Xitoy dunyo tartibotining cho‘qqisidan o‘z-o‘zidan joy oladi, degani emas. Xitoy rasmiylari va tahlilchilari Pekin AQSH kabi o‘ta qudratli gegemon davlat bo‘lishni istamasligini azaldan ta’kidlab keladi.

«AQSH hamon Yaqin Sharqdagi eng qudratli tashqi kuch bo‘lib qolmoqda. O‘zgargan yagona jihat shundaki, uning gegemonligi endi ancha katta siyosiy, harbiy, iqtisodiy resurslarni va obro‘-e’tibor bilan bog‘liq badallarni talab qilmoqda», — dedi Pekindagi «Tsinghua University» ilmiy xodimi Sun Chenghao «CNN» telekanaliga.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu mojaro Xitoyning suverenitet, ichki ishlarga aralashmaslik, siyosiy muloqot va taraqqiyotga yo‘naltirilgan xavfsizlikni ustuvor biluvchi dunyoqarashini ko‘plab mamlakatlar uchun yanada jozibador qilishi mumkin.

«Biroq bunday ishonch nafaqat AQSH harakatlarini tanqid qilish orqali qozoniladi, balki Xitoyning amaliy diplomatik yechimlar taklif qila olishi, energetika barqarorligini himoya qilishi va keskinlikni yumshatish uchun sharoit yaratishga qanchalik yordam berishiga ham bog‘liqdir», — dedi u.

Teglar

Mavzuga oid