
Xitoy iqtisodiyoti o‘sishi keskin sekinlashdi
17.08.2025 | 21:0016783
Iyul oyi ma’lumotlari Xitoyda sanoat ishlab chiqarishi, sarmoya va iste’mol sezilarli pasayganini ko‘rsatdi.

The New York Times nashrining yozishicha, iqtisodiy o‘sish sur’ati kutilayotgandan ancha past bo‘lib, bu savdo urushi va ko‘p yillik ko‘chmas mulk inqirozining ta’siri bilan izohlanmoqda. Hukumat zavodlar faoliyatini ham ataylab cheklamoqda, chunki ko‘plab davlatlar Xitoy eksportiga tariflar joriy etdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, iyulda ishlab chiqarish o‘sishi o‘tgan yilga nisbatan 5,7 foiz bo‘lib, iyundagi 6,8 foizdan past ko‘rsatkich qayd etildi. Chakana savdo esa atigi 3,7 foizga o‘sdi. Bozor kutgan ko‘rsatkichlardan ancha past bo‘lgani ichki talab sustligini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, yosh bitiruvchilar orasida ishsizlik o‘smoqda.
Shu bilan birga, eksport 7,2 foizga ko‘tarildi. Ayniqsa, Janubiy-Sharqiy Osiyo va Afrikaga yetkazib berish kuchaygan. AQSHga to‘g‘ridan to‘g‘ri eksport pasaygan bo‘lsa-da, Xitoyning AQSH bilan savdosida salohiyatli ustunligi saqlanib qolmoqda.
Milliy statistika byurosi vakili Fu Linhuey global proteksionizm va AQSHning bir tomonlama choralarini asosiy xavf omillari sifatida tilga oldi. Shuningdek, xavo-havoning keskin o‘zgarishi — kuchli yog‘ingarchiliklar va jazirama to‘lqinlari ham iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatgani qayd etildi.
Iqtisodchilarning fikricha, hukumatning talabni rag‘batlantirish choralari hozircha aholining xarajatlarini sezilarli oshirishga yetarli emas. Ayniqsa, uy-joy bozoridagi qiyinchiliklar iste’molchilarni yirik sarf-xarajatlardan tiyib turibdi.





