
Xitoy iqtisodiyotida yangi «pufak» paydo bo‘lmoqda — The New York Times
Xitoy robototexnika sohasiga katta stavka qo‘ymoqda, ammo hukumat va ekspertlar tarmoqda ortiqcha qizish va yangi iqtisodiy pufak xavfi borligidan ogohlantiryapti.

Xitoy iqtisodiyotida yangi o‘sish drayveri sifatida robototexnika ilgari surilmoqda. Televideniyeda raqsga tushayotgan, marafonlarda ishtirok etayotgan va hatto boks janglarida chiqish qilayotgan humanoid robotlar texnologiya sohasidagi ildam taraqqiyot ramziga aylandi. Biroq, The New York Times’ga ko‘ra, bu yorqin namoyishlar ortida sohaning haqiqiy iqtisodiy salohiyatiga nisbatan jiddiy savollar paydo bo‘lmoqda.
Xitoy hukumatining ma’lumotlariga ko‘ra, robototexnika bozorida 150 dan ortiq kompaniya bir vaqtning o‘zida raqobatlashmoqda. Bu esa o‘xshash texnologiyalar ortiqcha ishlab chiqarilishi va investitsiyalar samaradorligining pasayishiga olib kelishi mumkin. Rasmiylar tarmoqda yangi «pufak» shakllanish ehtimolidan ochiqcha ogohlantirmoqda.
Ayni paytda Xitoy sanoat robotlarini joriy etish bo‘yicha dunyoda yetakchi hisoblanadi. Mamlakat zavodlarida qo‘llanilayotgan robotlar soni qolgan barcha davlatlardagidan ko‘p. Ular payvandlash, logistika, yig‘ish ishlari hamda xizmat ko‘rsatish sohalarida — mehmonxonalar, aeroportlar va omborlarda keng qo‘llanilmoqda.
Biroq e’tibor markazida endi yangi maqsad — humanoid robotlar turibdi. So‘nggi bir yil ichida ushbu sohadagi startaplarga 5 mlrd dollardan ortiq investitsiya kiritildi. Bu avvalgi besh yilda jalb qilingan mablag‘lar hajmiga teng. Xitoyning ustun jihati — kuchli ishlab chiqarish bazasi va davlat tomonidan berilayotgan katta moliyaviy qo‘llab-quvvatlashdir. Pekin va Shanxaydagi maxsus fondlar bu sohani faol rag‘batlantirmoqda.
Shu bilan birga, mutaxassislar humanoid robotlar hali ham murakkab va oldindan aytib bo‘lmaydigan holatlarda insonni to‘liq almashtira olmasligini ta’kidlamoqda. Ko‘plab ishlanmalar aniq va barqaror tijoriy qo‘llanish ssenariylariga ega emas.
Kompaniyalar bu muammoni sun’iy intellekt rivoji hal qilishiga umid qilmoqda. Ammo ekspertlar fikricha, namoyishbop prototiplardan haqiqiy iqtisodiy samaraga o‘tish investorlar kutganidan ancha uzoq va murakkab jarayon bo‘lishi mumkin.





