add

Xitoy iqtisodiyotini eng katta xavf kutmoqda

Kecha 20:582 daqiqa

O‘tgan yili XXR tarixdagi eng past tug‘ilish darajasini qayd etdi — bunday holat 1949 yildan beri kuzatilmagan edi.

Xitoy iqtisodiyotini eng katta xavf kutmoqda

Xitoyda 2025 yilda rekord darajadagi past tug‘ilish ko‘rsatkichi qayd etildi — bu ko‘rsatkich 1949 yildan beri eng yomoni bo‘ldi. Bu haqda Reuters xabar beradi. Shu bilan birga, XXR Davlat statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat aholisi bir yil ichida taxminan 3 million kishiga qisqargan.

Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, 2025 yil oxiriga kelib Xitoy aholisining soni taxminan 1,4 milliard kishini tashkil etdi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 3,39 millionga kamdir. Shu davr mobaynida mamlakatda 7,92 million kishi tug‘ilgan, 11,31 million kishi esa vafot etgan.

Tug‘ilish koeffitsiyenti har ming kishiga 5,63 gacha tushdi. Bu Xitoy Kommunistik partiyasi hokimiyat tepasiga kelgan 1949 yildan beri eng minimal qiymatdir. O‘lim darajasi har ming kishiga 8,04 gacha ko‘tarildi — bu 1960-yillar oxiridan beri eng yuqori darajadir.

Yangi raqamlarga ko‘ra, Xitoydagi demografik pasayish ketma-ket to‘rtinchi yil davom etmoqda. Avvalroq tug‘ilish bo‘yicha tarixiy minimum 2023 yilda qayd etilgan edi, 2024 yildagi o‘sish esa qisqa muddatli bo‘lib chiqdi. Uzoq muddatli istiqbolda, oilaviy siyosat o‘zgarganiga qaramay, mamlakatda tug‘ilish 2016 yildan beri kamayib bormoqda.

Pekin deyarli o‘n yildan beri bu trendni o‘zgartirishga harakat qilmoqda. 2016 yilda rasmiylar «bir oila — bir bola» qoidasini bekor qilib, ikki farzand ko‘rishga ruxsat berishgan edi. 2021 yilda limit uchtagacha oshirildi. Keyinchalik davlat oilalarga to‘lovlarni joriy qildi: ota-onalar uch yoshgacha bo‘lgan har bir bola uchun 3600 yuan ($560) miqdorida pul oladilar. Regionlar o‘z bonuslarini qo‘shishdi va dekret ta’tillarini kengaytirishdi.

Biroq statistika shuni ko‘rsatmoqdaki, chora-tadbirlar hozircha samara bermayapti. Ekspertlar buni uy-joyning qimmatligi, ta’lim va tibbiyot xarajatlari, shuningdek, yosh avlodning ustuvor yo‘nalishlari o‘zgargani bilan bog‘lamoqdalar. Reuters baholashicha, Xitoy bola tarbiyalash qimmat bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiradi.

Aholining qisqarishi iqtisodiyot uchun xavflarni kuchaytiradi. Mamlakat tezroq qarimoqda, ishchi kuchi kamaymoqda, pensiya tizimiga yuklama esa ortib bormoqda. Avvalroq Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi pensiya jamg‘armalari bosim ostida ekanidan ogohlantirgan edi.

BMT prognozlariga ko‘ra, keskin o‘zgarishlar bo‘lmasa, demografik pasayish bundan keyin ham davom etadi.

«Xitoy uchun bu nafaqat iqtisodiyotga, balki mamlakatning o‘n yilliklar oldinga mo‘ljallangan rivojlanish rejalariga ham ta’sir qiladigan uzoq davom etuvchi muammoni anglatadi», - deb xulosa qiladi nashr.

Teglar

Mavzuga oid