
Xitoy kompaniyalari O‘zbekistondagi har to‘rtinchi xorijiy korxonaga aylandi
15.07.2025 | 20:1534923
O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni so‘nggi bir yilda 20 foizga ko‘paydi. Ular orasida eng katta ulushni Xitoy kompaniyalari tashkil qilmoqda — 25 foizdan ortiq.

2025 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 16 685 ta xorijiy kapital ishtirokidagi korxona faoliyat yuritmoqda. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2805 taga ko‘p bo‘lib, o‘sish 20 foizni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Oxirgi besh yilda bunday korxonalar soni 1,3 barobarga oshgan. Ayniqsa, tuzilmadagi o‘zgarishlar e’tiborga molik: agar 2019 yilda ularning deyarli yarmi qo‘shma korxonalar bo‘lgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 24,7 foizgacha tushgan. Endilikda to‘liq xorijiy mulk shaklidagi korxonalar ulushi 75,3 foizni tashkil etmoqda.
Korxonalar soni asosan savdo (yil davomida 1205 ta yangi kompaniya), qurilish (+271) va axborot-kommunikatsiya (+256) sohalari hisobiga ko‘paydi. Geografiya jihatidan esa ularning 64,2 foizi Toshkent shahrida joylashgan. Qolganlari asosan Toshkent viloyati (12,3%), Samarqand (3,7%) va Surxondaryo (3,3%) viloyatlarida faoliyat yuritmoqda.
Xitoy kompaniyalari 4192 tani tashkil etib, umumiy xorijiy kompaniyalar sonining 25,1 foiziga teng. Faqatgina 2025 yilning birinchi yarmidayoq Xitoy O‘zbekistonda yana 835 ta yangi kompaniya ochdi. Ta’kidlash joizki, 2024 yilda Xitoy Rossiyani ortda qoldirib, eng yirik xorijiy investor maqomini qo‘lga kiritgandi.





