
Xitoy kompaniyasi Qashqadaryoda shisha zavodi quradi
23.09.2025 | 17:3041123
Qashqadaryo viloyatida 80 mln dollarlik shisha mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Loyiha doirasida 600 nafar aholi uchun doimiy ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov viloyatda sanoatni rivojlantirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish bo‘yicha xorijiy investorlar bilan muzokaralar olib bordi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Xitoy kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihasi ikki bosqichda ro‘yobga chiqariladi. Unga ko‘ra, 10 gektar maydonda 50 ming metr kvadratli zavod majmuasi va 2 ming metr kvadratli kvars qumini boyitish kompleksi quriladi. Viloyat hokimiyatining ma’lum qilishicha, umumiy sarmoya hajmi 80 mln dollarni tashkil etadi.
Zavod ishga tushgandan so‘ng oyiga 300 ming tonna shisha mahsulotlari ishlab chiqariladi. Tayyor mahsulotning asosiy qismi ichki bozor talablarini qondirish bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari hamda Afg‘onistonga eksport qilinadi.
Viloyat hokimi Murotjon Azimov investorlar bilan uchrashuvida mazkur loyihaning ahamiyatini ta’kidlab, uning barqaror ishlashi uchun mahalliy hokimiyat doimiy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha to‘liq ishga tushgandan keyin hudud sanoat salohiyati sezilarli oshadi.
Uchrashuvda qayd etilganidek, Prezident olib borayotgan iqtisodiy siyosat tufayli viloyatda faoliyat yuritayotgan Xitoy kompaniyalari soni 80 tadan oshib, ularning investitsiyalari mintaqada sanoat tarmoqlarini diversifikatsiya qilishga xizmat qilmoqda.





