Xitoy kriptovalyutalarga yangi zarba berdi
Pekin steyblkoinlar va real aktivlarni tokenlashtirishni moliyaviy barqarorlikka xavf deb baholab, kriptobozor ustidan nazoratni yanada kuchaytirishga kirishdi.

Xitoyda kriptovalyuta sektoriga oid tartibga solish choralari yana kuchaytirildi. Bu haqda «Coin Desk» xabar bermoqda. Yangi bayonotni mamlakatning sakkizta milliy regulyatori, jumladan Xalq banki va Qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha komissiya e’lon qildi.
Hujjatda qayd etilishicha, global moliyaviy beqarorlik va texnologik o‘zgarishlar sharoitida virtual valutalar hamda aktivlarni tokenizatsiya qilish bilan bog‘liq spekulyativ faollik moliya tizimi uchun yangi xavflar tug‘dirmoqda. Shu asosda bitkoin, efir va USDT kabi steyblkoinlar bilan savdo qilish, chiqarish yoki vositachilik qilish noqonuniy deb topilgan.
Cheklovlar faqat mahalliy kompaniyalarga emas, balki Xitoy hududida xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy tashkilotlar va jismoniy shaxslarga ham taalluqli. Shuningdek, davlat ruxsatisiz chet elda raqamli valuta chiqarish ham taqiqlandi, hatto faoliyat xorijiy filial orqali yuritilsa ham.
Steyblkoinlarga bosim
Regulyatorlar alohida e’tiborni steyblkoinlarga qaratgan. Ularning fikricha, bunday aktivlar davlat pullarining asosiy funksiyalarini takrorlab, monetar nazoratga tahdid solishi mumkin.
«Steyblkoinlar suveren valutalarning asosiy funksiyalarini qayta yaratadi va moliyaviy barqarorlikka xavf tug‘diradi», deyiladi qo‘shma bayonotda.
Yangi qoidalarga ko‘ra, yuanga bog‘langan steyblkoinlarni hukumat ruxsatisiz mamlakat tashqarisida chiqarish qat’iyan taqiqlanadi. Bu talab Xitoy va xorijiy kompaniyalarga birdek tatbiq etiladi.
Tokenlashtirish nazorati
Hujjatda real aktivlarni tokenizatsiya qilish ustidan nazorat ham keskin kuchaytirilgan. Endi aksiyalar, ko‘chmas mulk yoki boshqa moliyaviy instrumentlarni raqamli tokenga aylantirishni rejalashtirgan kompaniyalar regulyatorlar bilan kelishuv olishi yoki rasmiy ariza topshirishi shart.
Bundan tashqari, ularning moliyaviy va texnologik hamkorlari uchun ham qat’iy komplayens talablari joriy etilmoqda. Pekin ushbu choralar orqali kriptobozordagi xavflarni cheklash va milliy moliyaviy suverenitetni mustahkamlashni maqsad qilgan.





