
Xitoy orbitada sun’iy intellekt loyihasini boshladi
19.05.2025 | 17:1535992
Xitoy sun’iy intellektga asoslangan ilk sun’iy yo‘ldoshlarini uchirib, orbitada global hisoblash tarmog‘ini yaratishga qadam qo‘ydi. Loyiha doirasida 2800 ta yo‘ldosh ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.

The Verge’ning yozishicha, ADA Space kompaniyasi tashabbusi bilan uchirilgan 12 ta ilk sun’iy yo‘ldoshning har biri 8 milliard parametrli sun’iy intellekt modeli bilan jihozlangan.
Ular soniyasiga 744 trillion operatsiya bajarish qobiliyatiga ega. Bu qurilmalar hozirda jami 5 kvadrillion operatsiyani qayta ishlamoqda. Yakunda bu ko‘rsatkich 1000 POPS — soniyasiga 1000 kvadrillion operatsiyaga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Sun’iy yo‘ldoshlar o‘zaro 100 Gbit/s tezlikda ma’lumot almashish imkoniyatiga ega bo‘lib, 30 TB umumiy xotiraga ega. Ularning bortda mustaqil ravishda ma’lumotni qayta ishlash imkoni yerosti stansiyalariga bog‘liqlikni kamaytiradi.
«Bu nafaqat vaqtni tejaydi, balki tahlil sifatini ham oshiradi. Ayni paytda yerga yetkazilayotgan ma’lumot hajmi 10 foizdan kamni tashkil etmoqda», deb yozadi South China Morning Post.Bu loyiha orqali Xitoy sun’iy intellektni global fazoviy tizimlarga joriy etishda yangi bosqichni boshladi.





