
Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston 5 mlrd dolarlik yo‘l qurishni boshladi
01.07.2025 | 23:008303
30 iyun kuni Qirg‘iziston hududida Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lining barcha yo‘nalishida qurilish ishlari rasman boshlandi. Loyiha mintaqa iqtisodiyoti va infratuzilmasi uchun tarixiy ahamiyatga ega.

Qirg‘iziston Respublikasida Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston xalqaro temir yo‘lining qurilishi rasman yangi bosqichga o‘tdi. 30 iyun kuni mazkur yo‘nalish bo‘ylab to‘liq miqyosdagi qurilish ishlari boshlangani xabar qilindi. Bu haqda Qirg‘iziston Vazirlar mahkamasi raisining o‘rinbosari Bakit Torobayev ma’lum qildi.
Torobayev so‘zlariga ko‘ra, mamlakat hududidagi temir yo‘l uchastkasi 304 kilometrdan ziyod bo‘lib, uning barcha qismida bir vaqtning o‘zida qurilish boshlangan. Qurilish jarayonida umumiy temir yo‘lning taxminan 40 foizi tonnel va ko‘priklar orqali o‘tadi. Jami 27 ta tonnel va 41 ta ko‘prik qurilishi rejalashtirilgan.
Bu loyihaning umumiy qiymati 4,7 milliard dollar deb baholangan. Temir yo‘l qurilishini 2030 yilgacha yakunlash rejalashtirilgan. Avvalroq, 2024 yil 27 dekabr kuni loyihaning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan, unda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Xitoy rahbari Si Jinpin hamda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etgan. Ular ushbu loyihaning butun mintaqa uchun strategik taraqqiyotidagi ahamiyatini alohida qayd etgan.





