add

Xitoy Qozog‘istonga Rossiyadan ikki barobar arzonroq AES qurishni taklif qildi

Xitoy Qozog‘istonga atom elektr stansiyasi qurish bo‘yicha Rossiyadan ikki barobar arzon taklif bilan chiqdi. Xitoyning milliy yadro korporatsiyasi (CNNC) ikkita energiya blokidan iborat, umumiy quvvati 2,4 gigavatt bo‘lgan AESni 5,47 mlrd dollarga qurishni taklif qilmoqda. Shuningdek, Xitoy tomoni texnologiyalar bilan o‘rtoqlashish va yadroviy yoqilg‘i siklini to‘liq Qozog‘iston nazoratiga berishga tayyorligini bildirgan.

Xitoy Qozog‘istonga Rossiyadan ikki barobar arzonroq AES qurishni taklif qildi
Ushbu taklif 2025 yil may oyi oxirida Xitoyning yadro xavfsizligi bo‘yicha milliy boshqarmasi rahbari Don Baoton va Qozog‘istonning atom energetikasi agentligi vakili Almasad Satqaliyev o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilindi. Qozog‘iston tomoni Xitoyning yadroviy va suv-ekologik xavfsizlik sohasidagi tajribasini o‘rganishga qiziqish bildirgan. Avvalroq Qozog‘iston hukumati AES qurish uchun potensial pudratchilar ro‘yxatini tuzgan edi. Unda CNNC bilan bir qatorda Rossiyaning "Rosatom", Janubiy Koreyaning KHNP va Fransiyaning EDF kompaniyalari ham bor. Tanlov iqtisodiy maqsadga muvofiqlik, texnologik ishonchlilik va ekologik xavfsizlik mezonlari asosida amalga oshiriladi. 2024 yil oktyabr oyida Qozog‘istonda AES qurilishi bo‘yicha referendum o‘tkazilib, unda qatnashganlarning 71,12 foizi "ha" deb ovoz bergan. Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatda birinchi AESni 2035 yilgacha ishga tushirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Stansiya Almati viloyati Jambil tumanidagi Ulken qishlog‘ida, Balqash ko‘li sohilida qurilishi kutilmoqda. Qozog‘iston uran zaxiralari bo‘yicha dunyoda Avstraliyadan keyin ikkinchi o‘rinda turadi va "Qazatomprom" kompaniyasi 2022 yilda jahon uran ta’minotining 43 foizini ta’minlagan. Mamlakatda avval ham AES faoliyat yuritgan — 1973 yildan 1999 yilgacha Aqtau shahridagi BN-350 reaktori ishlagan, ammo u yadroviy qurol uchun plutoniy ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lgani sababli yopilgan.

Teglar

Mavzuga oid

Xitoy Qozog‘istonga Rossiyadan ikki barobar arzonroq AES qurishni taklif qildi | Vaqt.uz