
Xitoy Rossiyaning 20 ta harbiy zavodiga mahsulot yetkazib bermoqda
03.06.2025 | 14:0527723
Ukraina razvedkasi ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy Rossiyaning kamida 20 ta harbiy korxonasiga turli mahsulotlar — o‘q-dori, elektron qismlar va maxsus kimyoviy moddalar yetkazib bermoqda. Bu hamkorlik G‘arb sanksiyalariga qaramasdan davom etmoqda.

Ukraina tashqi razvedka xizmati rahbari Oleg Ivaenko ma’lum qilishicha, Xitoy hozirda Rossiyaning kamida 20 ta harbiy sanoat korxonasi bilan faol hamkorlik qilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy tomonidan o‘q-dori, maxsus kimyoviy moddalar, sanoat jihozlari va boshqa mahsulotlar yetkazib berilmoqda.
Ivaenko ta’kidlashicha, bu yordamlar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini davom ettirish imkonini saqlab turibdi. Xususan, aviatsiya sohasidagi hamkorlik kuchaygani, Xitoydan muhim hujjatlar, ehtiyot qismlar va uskunalar olib kelinayotgani qayd etildi.
Shuningdek, dronlar uchun zarur bo‘lgan elektron komponentlarning 80 foizi Xitoydan kelayotgani ma’lum qilindi. Bu ma’lumotlar Kiyevdagi «Kyiv Insider» manbasiga asoslanib e’lon qilingan.
Bunga javoban Xitoy tashqi ishlar vazirligi ushbu ayblovlarni rad etdi. Pekin o‘z tashqi siyosatini «izchil va aniq» deb atab, harbiy mahsulotlar yetkazib berish bilan bog‘liq da’volarni asossiz deya baholadi.
Shuni ham qayd etish joizki, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi harbiy-texnik hamkorlik G‘arb tomonidan joriy etilgan sanksiyalarga qaramasdan faol davom etmoqda. Bu hamkorlik xalqaro maydonda ko‘plab munozaralarga sabab bo‘lmoqda.





