
Xitoy Tayvanga qarshi kutilmagan hujum qilish qobiliyatini oshirdi — Financial Times
26.05.2025 | 17:0050193
Financial Times nashrining Tayvan va AQSH rasmiylariga tayanib yozishicha, Xitoy harbiy-havo va raketa kuchlarini shunday darajaga yetkazdiki, u hozir har qanday paytda tinch holatdan to‘liq harbiy amaliyotga o‘tish qobiliyatiga ega.

Financial Times'ning xabar qilishicha, Xitoy Xalq Respublikasi o‘zining Tayvanga qarshi tezkor va kutilmagan hujumlar o‘tkazish imkoniyatlarini jiddiy ravishda kengaytirgan. Tayvan va AQSHning turli darajadagi rasmiy va ekspertlari buni xavfli geosiyosiy siljish sifatida baholamoqda.
Tayvanning yuqori lavozimli harbiy manbasi FT'ga ma’lum qilishicha, Xitoyning harbiy-havo va raketa bo‘linmalari shunchalik rivojlanganki, «ular istalgan vaqtda tinchlikdan urush holatiga o‘tishi mumkin». Tayvan rasmiylari Xitoy raketalari orolning istalgan nuqtasiga zarba berish qobiliyatiga ega ekanini ta’kidlagan.
Pentagondagi noma’lum manba esa nashrga bildirishicha, Xitoy harbiy-dengiz va qirg‘oq himoya kuchlarining taxminan 10 ta kemasi Tayvan atrofida doimiy ravishda joylashtirilgan. Bu esa, Xitoyga «sog‘in soatlar ichida orolni blokada qilish imkoniyatini» beradi, dedi manba.
FT manbalari bu harakatlarni Xitoyning harbiy strategiyasidagi aniq o‘zgarish sifatida ko‘rmoqda. Bu tayyorgarlik na faqat Tayvan, balki butun mintaqadagi xavfsizlik vaziyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Xitoy rasmiylari esa odatda bunday harakatlarni «ichki ish» deb atab, harbiy mashqlar orqali orol atrofida «suverenitetni himoya qilish» haqida gapirib keladi.
Hozircha rasmiy Pekin ushbu ma’lumotlarga munosabat bildirmagan. Tayvan esa o‘z mudofaa strategiyasini yanada kuchaytirishga chaqirilmoqda.





