
Xitoy uch tomonlama hamkorlik orqali global diplomatiyada yangi pozitsiyani egallamoqda
10.07.2025 | 08:3036745
Xitoy oxirgi yillarda uch tomonlama hamkorlik modelini jadal targ‘ib etar ekan, bu orqali xalqaro rivojlanish, geosiyosiy ta’sir va ko‘p tomonlama diplomatiyani yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Pekin an’anaviy ikki tomonlama yordam modelidan voz kechib, rivojlanayotgan mamlakatlarga an’anaviy donorlar yoki xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda yordam ko‘rsatishni kuchaytirmoqda. Bu yondashuv Xitoyning strategik maqsadlariga xizmat qilib, uni mintaqaviy yetakchilar va BMT tizimidagi ko‘p tomonlama strukturalar bilan yanada yaqinlashtirmoqda, deyiladi The Diplomat maqolasida.
O‘tmishda uch tomonlama hamkorlik g‘oyasiga shubha bilan qaragan Pekin endi ushbu modelni xalqaro maydonda ilgari surmoqda. Bu strategiya ikki asosiy maqsadga xizmat qiladi: birinchisi — Xitoy mintaqaviy yetakchi davlatlar bilan rivojlanish dasturlarini iqtisodiy ta’sir bilan uyg‘unlashtirmoqda; ikkinchisi — Xitoy o‘zini «haqiqiy ko‘p tomonlama hamkor» sifatida namoyon etib, global institutlardagi mavqeini mustahkamlashga intilmoqda.
2018 yilda Xitoy Xalqaro rivojlanish hamkorligi agentligini (CIDCA) tashkil etib, uch tomonlama yordam tizimini markazlashtirdi. 2021 yilda e’lon qilingan «Oq kitob»da Xitoy ushbu formatni yangi strategik mexanizm sifatida ilgari surdi. Shundan so‘ng Xitoy Singapur, Yangi Zelandiya, Bangladesh va Pokiston bilan qator loyihalarni amalga oshirdi.
Uch tomonlama loyihalar ko‘pincha texnik ta’lim, iqtidorlarni rivojlantirish va infratuzilma sohalarida amalga oshirilyapti. Masalan, 2025 yil iyun oyida Xitoy va Singapur ASEAN va Sharqiy Timor rasmiylari uchun «Uchinchi davlatlar uchun o‘quv dasturi»ni boshladi. Shu oyda Xitoy, Pokiston va Bangladesh birinchi uch tomonlama sammit o‘tkazib, infratuzilma va iqlim bo‘yicha loyihalarga kelishib oldi.
Shuningdek, Xitoy GDI (Global Development Initiative) tashabbusini amalga oshirib, BMT agentliklari orqali rivojlanish loyihalarini ko‘p tomonlama asosda moliyalashtirmoqda. Bundan ko‘rinadiki, Pekin nafaqat davlatlararo, balki xususiy sektorni ham jalb etgan holda uchinchi bozorlar uchun yangi hamkorlik modelini ishlab chiqayotir.
Xulosa qilib aytganda, Xitoy o‘zining geosiyosiy strategik maqsadlarini amalga oshirishda uch tomonlama hamkorlikni xalqaro diplomatiyaning muhim vositasiga aylantirmoqda. Bu, ayniqsa, AQSH va Xitoy o‘rtasidagi raqobat kuchayotgan sharoitda o‘rta va kichik davlatlar uchun muqobil yo‘l sifatida namoyon bo‘lmoqda.





