
Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi savdo rekord darajaga yetdi
16.06.2025 | 17:009373
2025 yilning birinchi besh oyida Xitoy va Markaziy Osiyoning besh mamlakati o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi qariyb 40 milliard dollarga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10 foizdan ko‘proq o‘sish demakdir.
Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 286,42 milliard yuanni (taxminan 39,93 mlrd dollar) tashkil qilgan. Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasida yil sayin mustahkamlanmoqda.
Solishtirish uchun: 2013 yilda o‘zaro savdo 312 milliard yuan bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich qariyb ikki barobarga — 674 milliard yuanga yetdi. Ya’ni so‘nggi o‘n yilda savdo hajmi 116 foizga oshgan. Bu yillik o‘rtacha 7,3 foiz o‘sishni anglatadi va Xitoy tashqi savdosining umumiy o‘sish sur’atidan yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik ham jadal rivojlanmoqda. 2025 yilning birinchi besh oyida Xitoy Markaziy Osiyodan 4,36 milliard yuanlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qildi. Bu 26,9 foizlik o‘sishni ko‘rsatadi. O‘zbekistondan mayiz eksporti 153,7 foizga, Qozog‘istondan zig‘ir urug‘i 202 foizga, Qirg‘izistondan asal yetikazib berish esa 10 barobardan ziyod o‘sgani qayd etildi.
Shuningdek, Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasida yuk tashishda avtomobil transportining o‘rni ortib bormoqda. 2020 yilda yo‘l orqali amalga oshirilgan savdo ulushi 20 foizdan kam bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 51,8 foizga yetdi. 2025 yilning besh oyida esa yo‘l orqali savdo hajmi 143,65 milliard yuanni tashkil qildi — 10,9 foizlik o‘sish bilan.





