add

Xitoyda odamsimon robotlar o‘qitiladigan maktab ochildi

Bugun 18:381842 daqiqa

Ushbu maktab sanoat, tibbiyot va maishiy sohalar uchun insonga yaqin robot-yordamchilarni tayyorlashga xizmat qilishi qayd etilgan.

Xitoyda odamsimon robotlar o‘qitiladigan maktab ochildi

Pekin shahrida odamsimon robotlarni o‘qitishga ixtisoslashgan yangi o‘quv markazi o‘z faoliyatini boshladi, deya xabar berdi «People’s Daily Online» nashri. Loyiha Xitoyda robototexnika va sun’iy intellekt sohasini amaliy qo‘llash orqali yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.

Ma’lum qilinishicha, ushbu ta’lim muassasasining asosiy maqsadi ishlab chiqarish korxonalari, tibbiyot muassasalari hamda kundalik turmushda insonga yordam bera oladigan yuqori malakali mexanik yordamchilarni tayyorlashdan iborat. Markazda robotlar nazariy bilim emas, balki real ish sharoitiga yaqin muhitda amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirmoqda.

Ikki qavatdan iborat markaz laboratoriyadan ko‘ra ko‘proq kino suratga olish maydonchasini eslatadi. U yerda ishlab chiqarish liniyalari, yashash xonalari va logistika terminallarining to‘liq o‘lchamdagi aniq nusxalari yaratilgan. Bu esa robotlarni haqiqiy ish joylarida uchraydigan vaziyatlarga tayyorlash imkonini beradi.

Markazda asosiy e’tibor bo‘yi 1,66 metr bo‘lgan “Kuafu” odamsimon robotiga qaratilgan. U inson faoliyatidan deyarli farq qilmaydigan muhitda harakatlanish, buyumlarni ushlash va aniq vazifalarni bajarishni o‘rganmoqda. Sinf modullari turli ish ssenariylarini aks ettirish uchun doimiy ravishda o‘zgartirib boriladi.

O‘qitish individual mashg‘ulotlar asosida tashkil etilgan. Har bir robotga ikki nafar instruktor biriktiriladi: ulardan biri VR garnitura orqali robot harakatlarini masofadan boshqaradi, ikkinchisi esa sensor ma’lumotlarini kuzatib, barcha jarayonni qayd etadi. Bir necha soatdan so‘ng instruktorlar rollarni almashtiradi.

Markaz rahbari Chju Kayning ta’kidlashicha, robotlarning samarali ishlashi uchun ularni turli vaziyatlarda muntazam mashq qildirish talab etiladi. Masalan, robotga oddiy tovani ehtiyotkorlik bilan plitaga qo‘yishni o‘rgatish uchun ushbu harakat 1250-marta takrorlangan.

Hozirda markazda 110 nafar yosh mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Ushbu loyiha kelgusida Xitoyda inson mehnatini qisman almashtira oladigan intellektual robotlarni ommaviy joriy etish uchun muhim tajriba maydoni bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid