
Xitoyda yana karantin e’lon qilindi
06.08.2025 | 22:4047352
Xitoyning Foshan shahrida chikungunya virusi bilan kasallanish holatlari keskin oshdi. Shu sababli mamlakatda koronavirus pandemiyasi paytidagi choralar qayta joriy qilinmoqda.

Xitoyning Foshan shahrida chikungunya virusi keng tarqalishi oqibatida hukumat COVID-19 davridagi profilaktika mexanizmlarini qayta yo‘lga qo‘ydi. Britaniyaning «The Independent» nashri xabar berishicha, mamlakat bo‘yicha 7 mingdan ortiq infeksiya holati qayd etilgan.
Qayd etilishicha, chikungunya virusi insonga chivinlar orqali yuqadi va yuqori harorat (40°C gacha), bosh og‘rig‘i, mushak va bo‘g‘imlarda kuchli og‘riq, ko‘ngil aynishi kabi simptomlarni keltirib chiqaradi. Xitoy rasmiylari bu virus tarqalishini to‘xtatish uchun milliy darajadagi epidemiologik protokollarni ishga tushirgan.
«Hukumat tomonidan COVID davridagiga o‘xshash keng ko‘lamli dezinfeksiya ishlari amalga oshirilmoqda», — deyiladi maqolada. Shuningdek, aholiga uydagi gul idishlari, qahva mashinalari yoki plastik shishalarda to‘planib qolgan suvlardan qutulish buyurilgan.
Mazkur talablarga amal qilmaganlar uchun 10 ming yuangacha jarima belgilangan. Mamlakatda virus tarqalishiga qarshi kurash keng qamrovda davom etmoqda.





