
Xitoyning qarz berish strategiyasi o‘zgardi
«Bir makon — bir yo‘l» tashabbusi orqali rivojlanayotgan davlatlarning kreditori bo‘lgan Xitoy endi asosan yuqori daromadli mamlakatlarga kredit berishni boshlagan.

Xitoy o‘zining qarz berish strategiyasini o‘zgartirib, ko‘proq yuqori daromadli mamlakatlarga qarz berishni boshladi. Bu haqda AQSHning William & Mary universiteti tadqiqotchilari o‘z hisobotida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2000 yildan 2023 yilgacha Xitoy dunyo bo‘ylab 200 ta mamlakatning barcha mintaqalariga jami 2,2 trillion dollar miqdorida kredit va grantlar bergan.
Ta’kidlanishicha, Xitoy uzoq vaqtdan beri o‘zining «Bir kamar — bir yo‘l» tashabbusi orqali rivojlanayotgan mamlakatlarning kreditori sifatida qarab kelingan. Biroq, endi u ko‘proq rivojlangan iqtisodiyotlarga kredit berishga harakat qilmoqda. Bu jarayonda Xitoy yarimo‘tkazgichlar, sun’iy intellekt va qayta tiklanadigan energiya kabi sohalarda strategik infratuzilma hamda yuqori texnologiyali ta’minot zanjirlarini qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratmoqda.
AidData ma’lumotlariga ko‘ra, Pekinning kredit portfeli avvalgi taxminlardan ikki-to‘rt baravar kattaroq bo‘lib, Xitoy hali ham dunyodagi eng yirik rasmiy kreditor bo‘lib qolmoqda.
Xitoyning xorijdagi kredit operatsiyalarining to‘rtdan uch qismi hozirda yuqori o‘rta daromadli va yuqori daromadli mamlakatlardagi loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan.
Hisobotda aytilishicha, Xitoydan eng ko‘p rasmiy kredit olgan davlat AQSH bo‘lib, xitoylik kreditorlar mamlakatning deyarli har bir shtatida gaz quvurlaridan tortib, aeroportlargacha bo‘lgan 2,5 mingga yaqin loyihani moliyalashtirgan. Kreditlar umumiy miqdorining yarmidan ko‘pi — 103 milliard dollar 2018 yildan keyin ajratilgan.
Xitoy moliyaviy instutlari Amerikaning Fortune 500 ro‘yxatiga kiruvchi Amazon, Halliburton, Tesla, Boeing, Qualcomm va Disney kabi yirik kompaniyalarining faoliyati uchun muntazam ravishda kredit liniyalarini taqdim etib kelgan.





