
Xitoyning qimmatbaho minerallarga qo‘ygan eksport cheklovlari global xavotir uyg‘otdi
04.06.2025 | 15:209394
Avtomobil, aviasanoat va elektron mahsulot ishlab chiqaruvchilar Xitoyning muhim yer osti minerallari va magnitlar eksportiga cheklovlar kiritishi sababli yirik to‘xtab qolishlar haqida ogohlantirmoqda.

Xususan, Germaniya va Hindiston avtokonsernlari ushbu vaziyat ishlab chiqarishni to‘xtatishi va iqtisodiyotni izdan chiqarishi mumkinligini bildirmoqda. AQSH, Yevropa va Osiyodan kelgan diplomatlar va kompaniyalar Pekindan magnitlar eksportiga ruxsatnomalarni tezlashtirishni talab qilmoqda.
Xitoy aprelda yer osti elementlari va magnitlar eksportini vaqtincha to‘xtatdi. Bu qaror butun dunyo bo‘ylab yuqori texnologiyali sanoat tarmoqlarini – avtomobil, dron, robot, harbiy jihozlar va elektronika ishlab chiqarishni izdan chiqarishi mumkin.
AQSH Prezidenti Donald Tramp buni Xitoyning iqtisodiy bosimi sifatida baholamoqda. Tramp va Si Jinping yaqin kunlarda bu masala bo‘yicha muzokara o‘tkazishi kutilmoqda. Vashington rasmiylari Jeneva savdo kelishuviga zid holatlarni tekshirmoqda.
Xitoy portlarida magnitlar yuklari litsenziyalar tayyor bo‘lmaguncha turib qolgan. Bu esa, ayniqsa, yoz oxiriga qadar avtomobil ishlab chiqarish to‘xtashi mumkinligini anglatadi. Germaniya avtosanoati uyushmasi rahbari Hildegard Myuller Reuters agentligiga shunday deydi: «Agar vaziyat tezda o‘zgarmasa, ishlab chiqarish to‘xtashi mumkin».
AQSHning sobiq energetika diplomatlaridan biri Frenk Fennon bu vaziyatni kutilgan natija, deb baholadi: «AQSH o‘z resurslarini ishga solib, mahalliy ishlab chiqarishni kuchaytirishi lozim. Vaqt o‘tib bo‘ldi».
Yaponiya, Hindiston va Yevropa delegatsiyalari Pekindagi rasmiylar bilan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Hindistonda «Bajaj Auto» kompaniyasi ta’kidlashicha, Xitoydan magnitlar kelishi kechiksa, elektromobillar ishlab chiqarish to‘xtashi mumkin.
May oyida General Motors, Toyota, Volkswagen va boshqa avtogigantlarni birlashtirgan tashkilot AQSH ma’muriyatiga murojaat qilib, Xitoy magnitlarisiz muhim avtokomponentlar – motorlar, kameralar, yoritish tizimlari va xavfsizlik uskunalari ishlab chiqarish imkonsizligini bildirgan.





