
Xivaning yangi turistik majmuasi trigeneratsiya tizimi bilan ta’minlanadi
13.06.2025 | 17:4025453
Saudiya Arabistonining “Saudi Tabreed” kompaniyasi “Arda Xiva” majmuasiga trigeneratsiya tizimi joriy qilish uchun $17 mln sarmoya kiritadi. Bu loyiha issiqlik, elektr va sovitish ta’minotini birlashtiradi.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Issiqlikta’minoti” aksiyadorlik jamiyati hamda “Saudi Tabreed” kompaniyasi o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik asosida muhim shartnoma imzolandi. Hujjat “Arda Xiva” turistik majmuasida trigeneratsiya tizimini joriy etishni nazarda tutadi.
Ushbu loyiha doirasida umumiy quvvati 15 MVt bo‘lgan (5 MVt elektr, 5 MVt issiqlik va 5 MVt sovitish) zamonaviy infratuzilma qurilishi rejalashtirilgan. Loyiha to‘liq “Saudi Tabreed” kompaniyasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Hamkorlik doirasidagi investitsiya hajmi 17 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Trigeneratsiya texnologiyasi – bu energiya manbasidan bir vaqtning o‘zida elektr, issiqlik va sovuq energiya olish imkonini beruvchi tizimdir. Ushbu tizim Xivaning yangi turistik ob’ektida resurslarni samarali va barqaror ishlatishga xizmat qiladi.
Loyiha amalga oshirilsa, “Arda Xiva” majmuasi barcha fasllarda mehmonlarni barqaror va uzluksiz issiqlik, elektr hamda markazlashgan sovitish bilan ta’minlash imkoniga ega bo‘ladi. Bu nafaqat turistik salohiyatni oshiradi, balki Xorazm viloyatida davlat-xususiy sheriklikning amaliy namunasi sifatida xizmat qiladi.





