
Xizmat ko‘rsatish bozorida qaysi hudud eng boy?
O‘zbekistonda bozor xizmatlari hajmi 900 trln so‘mdan oshdi. Hududlar kesimida ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi qo‘yidagicha:

2025 yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 916 trln so‘mni tashkil etgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent shahri bozor xizmatlari sohasida mutlaq yetakchilikni saqlab qolgan holda, 349,9 trillion so‘mlik ko‘rsatkichni qayd etdi. Bu butun mamlakat bo‘yicha ko‘rsatilgan jami xizmatlarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i aynan poytaxt hissasiga to‘g‘ri kelishini anglatadi.
Viloyatlar kesimida Samarqand (67,6 trln so‘m), Farg‘ona (61,9 trln so‘m) va Toshkent viloyati (61,8 trln so‘m) eng faol hududlar sifatida ajralib turibdi. O‘rta ko‘rsatkichli hududlar orasida Namangan viloyati (47,2 trln so‘m), Andijon viloyati (46,9 trln so‘m) hamda Qashqadaryo viloyati (46,7 trln so‘m) alohida tilga olingan.
Iqtisodiy faollikning o‘rtacha darajasi Buxoro (37,2 trln so‘m), Xorazm (31,8 trln so‘m) va Surxondaryo (30,8 trln so‘m) viloyatlarida qayd etildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmatlar hajmi 30,5 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, Navoiy viloyatida ushbu ko‘rsatkich 22,6 trillion so‘mga teng bo‘ldi.
Respublika bo‘yicha nisbatan past ko‘rsatkichlar Jizzax (21,4 trln so‘m) va Sirdaryo (12,6 trln so‘m) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.



