
Xizmat sohasi uchun QQS 6 foiz etib belgilanishi va foyda solig‘ini bekor qilish taklif etildi
20.07.2025 | 10:3046234
Tadbirkorlar xizmat ko‘rsatish sohasi uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini 6 foiz etib belgillash va foyda solig‘ini vaqtincha bekor qilishni taklif qilmoqda. Bu orqali biznes yuki yengillashishi va soliqdan qochish holatlari kamayishi kutilmoqda.

18 iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan auditorlar, buxgalterlar va soliq maslahatchilari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda soliq maslahatchisi Nodirbek Xo‘jabekov xizmat sohasidagi tadbirkorlar uchun soliq yukini kamaytirish bo‘yicha takliflar bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda xizmat ko‘rsatish sohasida jami xarajatlar kam, kiruvchi QQS miqdori esa deyarli yo‘q. Shu bois joriy soliqlar, jumladan, 12 foizlik QQS va foyda solig‘ini to‘lash tadbirkorlar uchun og‘irlik qiladi. Ko‘pgina tadbirkorlar bu vaziyatdan chiqish uchun soliqdan qochish yo‘llarini izlashga majbur bo‘layotgani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan Xo‘jabekov xizmat ko‘rsatish sohasi uchun 6 foiz miqdorida imtiyozli QQS joriy etishni taklif qildi. Bu rejimda kiruvchi QQSni hisobdan chiqarish imkoni bo‘lmaydi. Shu bilan birga, foyda solig‘i ham vaqtincha bekor qilinishi mumkin. Agar esa korxona QQS to‘lovchisi bo‘lgan hamkorlar bilan ishlasa, 12 foizlik stavkaga asoslangan umumiy rejimda qolish imkoni ham bo‘ladi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov esa mazkur takliflar biznesning sun’iy bo‘linishining oldini olishini ta’kidladi. Unga ko‘ra, ayni vaqtda ko‘plab kompaniyalar QQS limitidan oshmaslik uchun bir nechta yuridik shaxslar tashkil etmoqda. Agar 6 foizlik stavka bilan yengillashtirilgan rejim amalga kiritilsa, barcha tadbirkorlar QQS to‘lovchisiga aylanadi va limitlarga ehtiyoj qolmaydi.
Xo‘jabekov so‘zlariga ko‘ra, bunday yondashuv tadbirkorlarni QQS va foyda solig‘iga bosqichma-bosqich moslashtirish imkonini beradi. Keyinchalik QQS stavkasini 8 foiz, keiynroq 12 foizgacha oshirish mumkin.





