add

Xizmatlar bozori hajmining uchdan biri Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi

Bugun 12:17392 Daqiqa

2025 yilning yanvar–oktabr oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 818,5 trln so‘mni tashkil etgan.

Xizmatlar bozori hajmining uchdan biri Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–oktabr oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari umumiy hajmi 818,5 trillion so‘mni tashkil etdi. Tahlillar xizmatlar sohasi mamlakat iqtisodiyotida barqaror o‘sish drayverlaridan biriga aylanganini ko‘rsatmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, xizmatlar bozorida eng yuqori ulush Toshkent shahriga to‘g‘ri keldi. Poytaxt 312,2 trillion so‘m xizmat hajmi bilan respublika umumiy ko‘rsatkichining qariyb uchdan bir qismini ta’minladi. Bu servislar, logistika, moliya, savdo va axborot texnologiyalari sektoridagi yuqori faollik bilan izohlanmoqda.

Xizmatlar hajmi bo‘yicha ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Samarqand hamda Farg‘ona viloyatlari egalladi. Samarqandda 60,3 trillion so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, Farg‘onada bu ko‘rsatkich 55,5 trillion so‘mni tashkil etdi. Toshkent viloyati ham 55,3 trillion so‘mlik natija bilan yetakchi hududlar qatoriga kirdi.

Andijon va Namangan viloyatlarida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 42 trillion so‘mdan oshdi. Qashqadaryo viloyatida 41,7 trillion so‘mlik, Buxoro viloyatida esa 33,3 trillion so‘mlik xizmatlar qayd etildi. Bu hududlarda savdo, maishiy xizmatlar va transport logistikasi asosiy ulushni tashkil etmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmatlar bozori 26,9 trillion so‘mga teng bo‘ldi. Surxondaryo viloyati 27,5 trillion so‘m, Xorazm viloyati 28,4 trillion so‘m ko‘rsatkich bilan iqtisodiy faollikni namoyish etdi. Navoiy viloyatida esa xizmatlar hajmi 20,2 trillion so‘m bo‘lib, asosan sanoat va infratuzilma bilan bog‘liq segmentlar hissasini aks ettirdi.

Xizmatlar ulushi past bo‘lgan hududlar qatorida Sirdaryo viloyati — 11,3 trillion so‘m va Jizzax viloyati — 19,2 trillion so‘m qayd etildi. Bu ko‘rsatkichlar aholi soni, infratuzilma va iqtisodiy faollik darajasi bilan bog‘liq ekani ta’kidlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq sanoat korxonalarida oziq-ovqat ishlab chiqarish sohasi yetakchilik qilayotganligi haqida xabar berilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

Xizmatlar bozori hajmining uchdan biri Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi | Vaqt.uz