
Xodimlari eng ko‘p soliq qarziga ega tashkilotlar nomi ma’lum qilindi
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi tashkilotlar xodimlarining yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorligi yarim trillion so‘mga yaqinlashgan.

2026 yil 1-yanvar holatiga respublika bo‘yicha 124 mingdan ortiq tashkilotda ishlovchi 457 mingdan ziyod xodimning yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha jami 462,5 mlrd so‘m qarzdorligi mavjud. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qarzdorlik 520 mingdan ortiq soliq obyekti hisobiga to‘g‘ri kelgan. Jami qarzdorlikning 295,7 mlrd so‘mi yer solig‘i, 166,8 mlrd so‘mi esa mol-mulk solig‘i hissasiga to‘g‘ri keladi.
Sektorlar kesimida eng katta ulush tijorat tashkilotlari xodimlariga to‘g‘ri kelib, ularning jami qarzi 346 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Budjet tashkilotlari xodimlari hissasi 97,7 mlrd so‘m, nodavlat-notijorat tashkilotlari xodimlari hissasi esa 18,8 mlrd so‘m sifatida qayd etilgan.
Tijorat tashkilotlari xodimlarining mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha qarzdorligi sohalar kesimida tahlil qilinganda, soliq intizomi muammosi iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarida mavjud ekani ko‘rinadi.
Eng katta soliq qarzi qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi sohasi hissasiga to‘g‘ri kelib, ushbu tarmoqda faoliyat yuritayotgan 36,4 mingta tashkilotda ishlovchi 54,6 ming nafar xodimning jami soliq qarzi 86,2 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Sanoat sohasi ham yuqori qarzdorlik qayd etilgan tarmoqlardan biri bo‘lib, 15,4 mingta tashkilotda ishlovchi 75,8 ming nafar xodimning soliq qarzi 71,4 mlrd so‘mga yetgan. Qurilish sohasida esa 7,9 mingta tashkilotdagi 32,8 ming nafar xodim hisobiga 58 mlrd so‘m qarz to‘plangan. Savdo sohasida 27,7 mingta tashkilotda ishlovchi 42,4 ming nafar xodimning soliq qarzi 53,9 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Qolgan sohalardagi qarzdorlik hajmi nisbatan kamroq bo‘lsa-da, umumiy ko‘rsatkichga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, tashish va saqlash sohasida 15,3 mlrd so‘m, yashash va ovqatlanish xizmatlarida 13,7 mlrd so‘m, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida 4,8 mlrd so‘m, axborot va aloqa sohasida 4,2 mlrd so‘m soliq qarzi mavjud. Boshqa faoliyat turlari hissasiga esa 38,5 mlrd so‘m to‘g‘ri keladi.
Alohida tashkilotlar kesimida eng katta soliq qarzi xodimlari hisobiga to‘g‘ri kelgan korxonalar orasida «Temiryo‘llar infratuzilmasi» AJ 2,1 mlrd so‘m bilan birinchi o‘rinda turadi. Keyingi o‘rinlarda «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ (1,9 mlrd so‘m) va «Hududgazta’minot» AJ (1,8 mlrd so‘m) qayd etilgan.





