add

«Xonadon xarid qilishda shartnoma shartlari bilan atroflicha tanishib chiqish juda muhim» — Raqobat qo‘mitasi

29.09.2025 | 14:2031324

Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni ko‘p qavatli uy-joy xarid qilayotganda qurilish kompaniyalari taqdim etadigan shartnomalarni sinchiklab o‘rganishga chaqirdi.

«Xonadon xarid qilishda shartnoma shartlari bilan atroflicha tanishib chiqish juda muhim» — Raqobat qo‘mitasi
Raqobat qo‘mitasi ayrim qurilish kompaniyalari qonunga zid shartlar kiritilgan shartnoma taqdim qilayotganidan ogohlantirdi. Qumita ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yanvar–avgust oylarida 1000 ga yaqin fuqaro murojaat qilgan. Ular uylarni o‘z vaqtida topshirmaslik, reklamada va’da qilingan loyihalardan chekinish hamda shartnoma talablariga amal qilmaslik holatlaridan norozi bo‘lgan. Tekshiruv jarayonida ayrim qurilish kompaniyalari shartnomaga qonunga zid bandlar kiritayotgani aniqlangan. Xususan, iste’molchi shartnomani bekor qilsa, to‘lovning 10 foizini ushlab qolish haqidagi talablar qo‘yilgan. Qonunchilikka ko‘ra, bunday shartlar haqiqiy emas. Fuqarolik kodeksining 385 va 260-moddalariga asosan, zarar yetmagan yoki qarzdor majburiyatini bajarmagan hollardagina tovon yoki jarima undirilishi mumkin. Aksariyat hollarda esa iste’molchilar o‘z to‘lovlarini bajargan bo‘ladi, qurilishchi esa uyni topshirmaguncha qarzdor maqomida qoladi. Qo‘mita ta’kidlashicha, ko‘p qavatli uylar tipik loyihalar bo‘lib, ularni boshqa xaridorga sotish qiyin emas. Uylarga talab yuqori, narxlar esa o‘sib borayotgani sababli qurilishchilar ko‘pincha zarar emas, foyda ko‘radi. «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 21 va 23-moddalari hamda «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, bunday shartlar haqiqiy emas. Shu bois, qo‘mita aholini shartnoma tuzishdan oldin uni to‘liq o‘rganishga, zarurat bo‘lsa yurist yoki advokatdan maslahat olishga chaqirdi. Agar shartnomada huquqlarni cheklovchi talablar aniqlansa, sud yoki davlat organlariga murojaat qilish orqali o‘z manfaatlarni himoya qilish mumkinligi eslatildi. Manba: Raqobat qo‘mitasi.

Teglar

Mavzuga oid