
Xorijdagi «rasmiy diniy ta’lim» O‘zbekistonda tan olinmagan — Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
14.08.2025 | 12:4515674
O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarni xorijdagi diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga chorlovchi e’lonlar tarqalayotganini ma’lum qildi.

Ma’lumotga ko‘ra, chaqiriqlar asosan Misr, Turkiya va Saudiya Arabistonidagi ta’lim maskanlariga yo‘naltirilmoqda. E’lonlarda bu muassasalar «qonuniy» yoki «rasmiy» sifatida ko‘rsatilsa-da, amalda ular O‘zbekistonning tegishli idoralari tomonidan tan olinmagan va o‘sha mamlakatlarda noqonuniy yoki ruxsatsiz faoliyat yurituvchi o‘quv markazlari hisoblanadi. «Rasmiy diniy ta’lim» iborasi esa ko‘pincha talabgorlarni jalb etish maqsadida ishlatiladi.
Qo‘mita ta’kidlashicha, bunday chaqiriqlar ko‘p hollarda diniy aqidaparastlik va mutaassiblik g‘oyalarini yoyish, yoshlarni noto‘g‘ri yo‘lga boshlash va ularning dunyoqarashiga salbiy ta’sir ko‘rsatish xavfini uyg‘otadi. Shu bois ota-onalar farzandlarining kimlar bilan muloqot qilayotgani, internetda qanday ma’lumot o‘qiyotgani va qanday takliflarga javob berayotganiga e’tiborli bo‘lishga chaqirildi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda diniy ta’lim faqat O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi o‘quv muassasalarida beriladi. Hozirda 4 ta oliy va 10 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, 2018 yildan beri 28 ta «Qur’on va tajvid» kurslarida 77 mingga yaqin fuqaro ta’lim olgan. «Muslim.tv» platformasida barcha yosh toifalari uchun onlayn Qur’on va tajvid darslari yo‘lga qo‘yilgan.
Qo‘mita xorijiy diniy muassasalar diplomlari O‘zbekistonda diniy sohada ishlash huquqini bermasligini, bunday ta’lim olish esa kelgusida ishga joylashishda qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkinligini eslatdi.





