
Xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 12 mlrd dollardan oshdi
12.09.2025 | 13:0041754
Yanvar–avgust oylarida O‘zbekistonga xorijdan yo‘naltirilgan pul o‘tkazmalari 12 mlrd dollardan oshdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 23 foizga ko‘p. Tushumlarning asosiy qismi esa Rossiyadan kelgan.
Joriy yilning yanvar–avgust oylarida O‘zbekistonga xorijdan 12 mlrd dollardan ortiq transchegaraviy pul o‘tkazmalari amalga oshirilgan. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.
Yil boshidan buyon pul o‘tkazmalari hajmi mart oyidan o‘sish tendensiyasini namoyon qildi. Iyulda o‘tkazmalar 2 mlrd dollarga yaqin bo‘lgan bo‘lsa, avgustda 1,9 mlrd dollarni tashkil etdi. Shunga qaramay, o‘tgan yilning mos oyiga nisbatan avgust oyida 19,9 foiz o‘sish qayd etildi.
Bundan tashqari, aholi valyuta operatsiyalarida ham ijobiy balans kuzatildi. Yanvar–avgustda aholi sotib olganidan 5,6 mlrd dollarga ko‘proq valyuta sotgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizga oshib, ichki valyuta bozorida talab va taklif muvozanatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, o‘tkazmalarning asosiy qismi Rossiyadan yo‘naltirilgan. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi, AQSH va Buyuk Britaniyadan ham pul o‘tkazmalari o‘sishi qayd etilmoqda. Xususan, Boltiq davlatlaridan tushumlar 65,6 foizga, boshqa mintaqalardan esa 38,2 foizga oshgan.
Shu bilan birga, Yevropa mamlakatlaridan pul o‘tkazmalari o‘tgan yilga nisbatan 26,9 foizga ko‘paygan bo‘lsa-da, ikkinchi chorakda o‘sish sur’ati sekinlashdi. AQSHdan yo‘naltirilgan o‘tkazmalar 10,3 foizga, Rossiyadan 23,7 foizga o‘sgan. Osiyodan tushumlar esa barqaror holatda qolgani qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank 11 sentabr kunidagi yig‘ilishida inflyatsiya xavflarini hisobga olib, asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qolgan edi.





