
«Xorijiy investorlar bilan amaliy sheriklik kengaytiriladi» — Shavkat Mirziyoyev
11.06.2025 | 18:1516954
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xorijiy investorlar kengashi yig‘ilishida sarmoyadorlar bilan ochiq muloqot va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

11 iyun kuni Xalqaro kongress markazida Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Meta, SpaceX, ACWA Power, Veon, Masdar va boshqa yirik kompaniyalar hamda xalqaro moliya institutlari vakillari ishtirok etdi.
Prezident Mirziyoyev yig‘ilishni ochar ekan, yaqinda bo‘lib o‘tgan IV Toshkent investitsiya forumining natijalariga to‘xtaldi va Kengash a’zolarining Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasini alohida e’tirof etdi. Uning ta’kidlashicha, mamlakatdagi islohotlarga nisbatan xalqaro ishonch kuchaymoqda.
O‘tgan yili YeTTB O‘zbekistonga qariyb 1 mlrd dollar sarmoya kiritgan. Shuningdek, xususiy sektor bilan hamkorlikdagi loyihalar hajmi 1 mlrd dollardan oshgan. Masdar, Total Energies, Linde kabi kompaniyalar tomonidan 8 mlrd dollarlik «yashil» loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
DataVolt va Veon kabi texnologik grandlar raqamli infratuzilma va sun’iy intellekt sohalarida loyihalar boshlagan. Prezident mamlakatda biznes uchun soliq stavkalari 2028 yilgacha o‘zgarmasligini e’lon qildi.
So‘nggi ikki yilda xorijiy kapital ishtirokida 5,5 mingta yangi korxona tashkil etilgan bo‘lib, ularning umumiy soni 16 mingtaga yetdi. Yig‘ilishga tayyorgarlik doirasida 40 dan ziyod yangi tashabbuslar ko‘rib chiqilgan.
Yil davomida 4,5 mlrd dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalari boshlangan. Qonunchilikni tubdan takomillashtirish, korporativ boshqaruvni yaxshilash va xalqaro standartlarga moslash uchun ishchi guruhlar tuziladi.
Yig‘ilishda Kengash kotibiyatini mustaqil yuridik shaxs sifatida qayta tashkil etish taklifi ham bildirildi. Prezident barcha tashabbuslar bo‘yicha amaliy yo‘l xaritalarini tayyorlash va ijrosini nazorat qilishni topshirdi.





