add

Xorijiy investorlarning O‘zbekiston bozoriga qiziqishi pasaygan

12.06.2025 | 19:3041773

Iqtisodchi To‘lqin Boboqulov O‘zbekistondagi investitsion muhit, milliy valyuta qadrsizlanishi va tashqi savdo muvozanatidagi muammolarni tahlil qilib, bu holatlar xorijiy sarmoyadorlarning faolligini pasaytirayotganini ta’kidladi.

Xorijiy investorlarning O‘zbekiston bozoriga qiziqishi pasaygan
Iqtisod fanlari doktori, professor To‘lqin Boboqulov O‘zbekistondagi investitsion muhit haqida tanqidiy fikr bildirdi. Unga ko‘ra, so‘nggi yillarda xorijiy investorlarning mamlakat bozoriga qiziqishi pasaygan. Bu holatni iqtisodchi bir necha asosiy omillar bilan izohladi. Birinchi navbatda, milliy valyuta — so‘mning qadrsizlanishi xorijiy sarmoyadorlar uchun katta xatar hisoblanadi. Chunki ular daromadini so‘mda olib, keyin uni xorijiy valyutaga ayirboshlaydi. Valyuta qadrsizlansa, foyda ham sezilarli kamayadi. Ikkinchi sabab sifatida Boboqulov ayrim yirik investitsion loyihalarning o‘zini oqlamaganini ta’kidladi. Masalan, Qashqadaryodagi «Uzbekistan GTL» zavodi dizel importini kamaytirish o‘rniga aksincha, importni uch barobarga oshirgan. Ushbu holat kelgusidagi investitsiyalar uchun noqulay signal sifatida xizmat qilmoqda. Uchinchi muammo — tashqi savdo balansidagi katta taqchillik. Boboqulov ta’kidlashicha, mamlakat o‘z milliy zaxiralarini sotish orqali bu defitsitni qoplamoqda, bu esa so‘mning barqarorligiga tahdid soladi. Shuningdek, iqtisodchi O‘zbekistonning eksport geografiyasi ham muammoli ekanini qayd etdi. Eksport qilingan mahsulotlarning asosiy qismi oltin va urandan iborat bo‘lib, yetkazib berish asosan Yevropa emas, boshqa mintaqalarga yo‘naltirilmoqda. Boboqulov fikricha, investitsiya muhitini yaxshilash uchun qator institutsional islohotlar, ishonchli valyuta siyosati va eksportni diversifikatsiya qilish talab etiladi.

Teglar

Mavzuga oid