
Xovos tumani hokim o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushdi
06.10.2025 | 11:3022102
Sirdaryo viloyati Xovos tumani hokimining o‘rinbosari va viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi tuman bo‘limi mutaxassisi fermerdan pora olayotganida ushlandi.

Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mansabdorlar chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligini kelgusi yil sholi yetishtirish rejasiga kiritish va tekshiruvlardan himoya qilish bahonasida joriy yil iyun oyida fermerdan 10 ming dollar talab qilib olgan.
Shuningdek, hokim o‘rinbosari keyinroq fermerni yer maydoni davlat zaxirasiga olinishi va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi bilan tahdid qilib, qo‘shimcha 20 ming dollar talab qilgan.
Prokuratura organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ulardan biri 10 ming dollarni vositachi orqali olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Hozirda hokim o‘rinbosari va mutaxassisga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular qamoqqa olingan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Farg‘ona viloyatida davlat soliq idorasi xodimi tadbirkordan yer maydonini rasmiylashtirish uchun 30 ming dollar pora talab qilgan.





