add

Xususiy aviakompaniyalar soni 15 taga yetkaziladi

05.01.2026 | 15:552 daqiqa

«O‘zbekiston–2030» strategiyasi doirasida aeroportlar modernizatsiya qilinib, aviatsiya bozorida xususiy sektor ulushi kengayadi.

Xususiy aviakompaniyalar soni 15 taga yetkaziladi

«O‘zbekiston–2030» strategiyasining takomillashtirilgan loyihasiga muvofiq, mamlakatda aviatsiya sohasini chuqur isloh qilish rejalashtirilmoqda. Hujjatga ko‘ra, O‘zbekistondagi beshta yirik aeroport davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilinib, boshqaruvga beriladi. Loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan.

Strategiyada 2030 yilga qadar har yili bitta aeroportni davlat-xususiy sheriklik asosida yangilash nazarda tutilgan. Modernizatsiya ishlari Uzbekistan Airports hamda xususiy investorlar mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Ushbu jarayon uchun Transport vazirligi mas’ul etib belgilangan.

Hujjatda aviatsiya bozorida raqobatni oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, mamlakatdagi xususiy aviakompaniyalar sonini 15 taga yetkazish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, respublika aviatexnik parkidagi havo kemalari soni 180 tagacha oshirilishi ko‘zda tutilgan. Bu ichki va xalqaro parvozlar geografiyasini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis hamda xalqqa qilgan murojaatnomasida «O‘zbekiston–2030» strategiyasini qayta ko‘rib chiqish vazifasini qo‘ygan edi. So‘nggi yillardagi iqtisodiy va infratuzilmaviy o‘zgarishlar hisobga olinib, strategiyaning yangilangan tahriri ishlab chiqildi.

Strategiyaning avvalgi tahririda ham samaradorligi past hududiy aeroportlarni davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish belgilangan edi. Amaliy misol sifatida, 2025 yil oktabr oyida Incheon International Airport Corporation bilan Urganch aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Ushbu bitimga muvofiq, xususiy sherik yo‘lovchi va yuk terminallarini qurish hamda boshqarish, yerga xizmat ko‘rsatish ishlarini amalga oshiradi. Davlat tomoni esa uchish-qo‘nish yo‘laklari va perronni o‘z zimmasiga oladi.

Teglar

Mavzuga oid