add

Xususiy klinikalarga transplantatsiyaga ruxsat berilishi mumkin

16.07.2025 | 17:3016103

O‘zbekistonda xususiy tibbiyot muassasalariga a’zo organlarni ko‘chirish (transplantatsiya) operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat berilishi mumkin. Bunday qaror tashabbusi Prezident qarori loyihasi doirasida muhokama qilinmoqda. Xorijga davolanish uchun chiqayotgan bemorlar soni ortib borayotgani masalani yanada dolzarblashtirmoqda.

Xususiy klinikalarga transplantatsiyaga ruxsat berilishi mumkin
15 iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda, O‘zbekistonda xususiy klinikalarga transplantatsiya operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat berish masalasi muhokama qilindi. Central Asian Medical University rektori Nurillo Mamasadikov Sog‘liqni saqlash vazirligi nazoratida standartlarga javob beradigan klinikalarga bunday huquq berishni qo‘llab-quvvatladi. Uning ta’kidlashicha, mahalliy klinikalarni ro‘yxatga olib, ularga xorijiy muassasalar bilan hamkorlikda transplantatsiya amalga oshirishga ruxsat berish kadrlar tayyorlashga yordam beradi. Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari Alisher Boboyevning ma’lum qilishicha, hozirda Prezident qarori loyihasi ishlab chiqilmoqda va vazirlik hamda hokimliklar bilan kelishilmoqda. Hujjat yaqin 2–3 hafta ichida qabul qilinishi mumkin. Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Jaloliddin Asamutdinov so‘nggi yillarda ko‘plab bemorlar transplantatsiya xizmati uchun xorijga yuborilayotganini ta’kidladi. Ayni paytda Hindiston, Turkiya kabi mamlakatlarda davolanish oqimi oshib bormoqda. Bu esa tashkiliy va moliyaviy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Asamutdinovning so‘zlariga ko‘ra, bu murakkab sohani rivojlantirish uchun genetik tahlillar va boshqa yuqori texnologiyali testlarni joriy qilish zarur. Birinchi bosqichda ko‘z a’zolari transplantatsiyasiga ruxsat berish rejalashtirilgan. Keyinchalik barcha malakali klinikalarga keng imkoniyatlar yaratilishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid