add

Xususiy va davlat OTMlari uchun yagona standartlar taklif qilinmoqda

17.07.2025 | 18:0019753

O‘zbekistonda xususiy oliy ta’lim muassasalari rahbarlari davlat va xususiy OTMlar faoliyatini baholashda yagona standartlarni joriy etish zarurligini bildirishmoqda. Asosiy mezon sifat, ustav kapitali emas.

Xususiy va davlat OTMlari uchun yagona standartlar taklif qilinmoqda

16 iyul kuni Savdo-sanoat palatasida xususiy ta’lim muassasalari ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda Nodavlat ta’lim muassasalari assotsiatsiyasi raisi Nuriymon Abulhasan so‘zga chiqib, xususiy OTMlarga nisbatan turlicha talablar qo‘yilayotganini tanqid qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xususiy va davlat ta’lim muassasalari uchun alohida standartlar joriy qilingan, bu esa soliqqa tortishda va litsenziyalash jarayonlarida nomutanosiblikka olib kelmoqda. Assotsiatsiya rahbari bu holatni O‘zbekiston Konstitutsiyasiga zid deb hisoblaydi.

Abulhasan ta’lim sifati asosiy mezon bo‘lishi kerakligini ta’kidlab, xususiy OTMlar faoliyatini ularning bitiruvchilari natijalari, ishga joylashish darajasi va ilmiy salohiyati orqali baholashni taklif etdi. Uning fikricha, sifati past bo‘lgan muassasalar baribir bozor talablariga dosh berolmaydi.

Muloqotda xususiy universitetlarga litsenziya berishda barcha uchun teng talablar joriy etilishi lozimligi qayd etildi. Assotsiatsiya ayrim OTMlar talablarga javob bermasada litsenziya olayotgani, ba’zilari esa rad etilayotgani holatlarini tanqid qildi.

Shuningdek, xususiy OTMlarga professorlar va fan doktorlarini jalb etish uchun bir yillik imkoniyat berish taklifi ham bildirildi. Litsenziya talablari bajarilishi uchun zarur vaqt ajratilishi maqsadga muvofiq, deb hisoblanmoqda.

Ayni paytda, hukumat tomonidan xususiy OTMlarni litsenziyalash va faoliyatini nazorat qilish tartibi kuchaytirilayotgani ma’lum qilindi. Mazkur hujjat 2025 yil 4 oktyabrdan kuchga kiradi.

Teglar

Mavzuga oid

Xususiy va davlat OTMlari uchun yagona standartlar taklif qilinmoqda | Vaqt.uz