add

Yana bir davlatdagi «Rus uyi» noma’lum muddatga faoliyatini to‘xtatdi

27.05.2025 | 08:151673

Suriyada xavfsizlik holati noaniqligicha qolgani sababli, Damashqda joylashgan «Rus uyi» faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Rossotrudnichestvo rahbari Yevgeniy Primakov ma’lum qildi.

Yana bir davlatdagi «Rus uyi» noma’lum muddatga faoliyatini to‘xtatdi
Primakovning ta’kidlashicha, «Rus uyi» faoliyati to‘liq muzlatilgan va u yerda hech qanday ish amalga oshirilmayapti. Xavfsizlikka doir vaziyat yaxshilanganidan keyingina faoliyatni qayta tiklash imkoni ko‘rib chiqiladi. Tashkilot vaziyatni kuzatib bormoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashkilot xodimlari elchixona tavsiyasiga ko‘ra mamlakatdan chiqarilgan. Rossiya hukumati kvotasi bo‘yicha suriyalik talabalarni tanlab olish jarayoni ham to‘xtatilgan. Primakovga ko‘ra, mamlakatda tashkilotning faol va doimiy ishtiroki bo‘lmasa, bunday qabulni amalga oshirish juda qiyin. Shuning uchun hozircha talabalarni saralash ham to‘xtatib turilgan. Joriy yilning 10 yanvar kuni Primakov «Rus uyi» Suriyada go‘yoki Ukrainaga berilgani haqidagi mish-mishlarni rad etgandi. U Rossiya elchixonasi Damashqda hozir ham qiyin sharoitlarda diplomatik faoliyatni davom ettirayotganini ta’kidlagan. Ayni vaqtda, AQSH davlat kotibi Marko Rubio Suriyada hokimiyatga kelgan islomiy kuchlar hukumati ag‘darilishi mumkinligini aytdi. Uning fikricha, mamlakat yaqin haftalarda yangi fuqarolik urushiga duch kelishi mumkin. Bu so‘nggi geosiyosiy o‘zgarishlar Damashqdagi vaziyatning yanada chigallashuviga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatadi. Avvalroq Ozarboyjon poytaxti Boku shahridagi «Rus uyi» ham yopilgan edi. Bunga sabab qilib Azerbayjan airlines aviakompaniyasining Embraer E-170 samolyoti Grozniy shahrida o‘qqa tutilgani va oqibatda Qozog‘istonning Oqtov shahrida halokatli qo‘nishni amalga oshirgani keltirilgan. Rossiya tomoni hanuzgacha halokat uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.

Teglar

Mavzuga oid